Xalqaro kuzatuvchilar Navoiy shahrida
Saylov – 2021
Shu kunlarda yurtimizga joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovni kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilar kelmoqda. Ular joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar va olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi – YeXHT/DIIHB xalqaro kuzatuvchilari Xasbiy Trond va Radosh Balash Navoiy shahar hokimi Muhiddin Bazarov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda dastlab Navoiy shahar hokimi M.Bazarov shaharda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar, tarixi va buguni, shaharning o‘ziga xos jihatlari xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida xalqaro kuzatuvchilarning Navoiy shahridagi saylov uchastkalari va muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlari bilan bog‘liq savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Ta’kidlash joizki, Navoiy shahrida 56 ta saylov uchastkasi mavjud. Uchastka saylov komissiyalaridagi jami 606 nafar a’zoning 65 foizga yaqini xotin-qizlarni tashkil qiladi.
Suhbat davomida xalqaro kuzatuvchilar shaharda saylovga tayyorgarlik jarayonlarini yuqori baholab, Navoiy shahrining ozodaligi, odamlarining mehmondo‘stligini alohida e’tirof etdi.


Abduvali Bo‘riyev, O‘zA