Xalqaro ko‘rgazmalar ish boshladi
“O‘zekspomarkaz”da UzBuild qurilish mahsulotlari, Aqua-Therm Tashkent iqlim va suv ta’minoti uskunalari hamda MebelExpo Uzbekistan mebel va yog‘ochga ishlov berish bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar ochildi.
“O‘zekspomarkaz”da UzBuild qurilish mahsulotlari, Aqua-Therm Tashkent iqlim va suv ta’minoti uskunalari hamda MebelExpo Uzbekistan mebel va yog‘ochga ishlov berish bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar ochildi.Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ishtirokchilar va ekspertlar o‘rtasida mazkur ixtisoslashgan ko‘rgazmalarga qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Bu Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgani va biznes sub’ektlari o‘rtasida zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan talab ortib borayotgani samarasidir. Chunonchi, 2015 yilda “Qurilish va interyer” ko‘rgazmasi 14 mingga yaqin kishini o‘ziga jalb qildi. Joriy yilda ko‘rgazmalar yanada qiziqarli bo‘lmoqda. “O‘zekspomarkaz” maydonlarida dunyoning turli mamlakatlaridan qariyb 300 kompaniya o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda.
UzBuild ko‘rgazmasi o‘n yettinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu uning mamlakatimiz qurilish sanoatida tutgan o‘rnidan dalolat beradi. Ko‘rgazma tarmoq ekspertlari va tadbirkorlarni birlashtirib, zamonaviy texnologiyalarni namoyish qilish va tajriba almashish maydoniga aylangan. Joriy yilda ko‘rgazmada Avstriya, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Finlyandiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan 140 kompaniya ishtirok etmoqda. Ular eshik-rom, lok-bo‘yoq, pardozlash materiallari, yoritish va elektr texnikasi kabi keng turdagi mahsulotlarni taqdim etmoqda. Qurilish materiallari, keramika va pardozlash toshlari bo‘limida qatnashayotgan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari faolligi e’tiborga loyiq.
Ko‘rgazma ishtirokchilarining 75 foizini xalqaro kompaniyalar tashkil qilmoqda. Bu qurilish sanoatining dunyoga taniqli vakillarining o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorligi izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
– O‘zbekiston bozori turli zamonaviy mahsulotlarga boy, – deydi Italiyaning “San Marco” kompaniyasi texnologi Elvis Martini. – Bu mamlakatingizda qurilish sanoati jadal rivojlanayotgani va qurilish materiallariga bo‘lgan talab oshib borayotganidan dalolat beradi. Shu bois, O‘zbekistonning “Versal NKO” kompaniyasi bilan dekorativ suvoq materiallari va barcha turdagi bo‘yoq ishlab chiqarish hamda sotish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Soha mutaxassislari uchun birgalikda mahorat saboqlari tashkil etmoqdamiz.
Aqua-Therm Tashkent iqlim va suv ta’minoti uskunalari ekspozitsiyasi UzBuild ko‘rgazmasini to‘ldirmoqda. Tashkilotchilarning fikricha, ushbu ikki muhim sigmentning hamkorligi qurilish bozorining barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotning samaradorligini ta’minlaydi.
Joriy yilda ko‘rgazmada 12 mamlakatdan 50 kompaniya ishtirok etmoqda. Ular orasida uy-joy va kommunal xo‘jaligi hamda boshqa sohalar uchun energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan texnologiya va materiallarning ilg‘or yechimlarini taklif qilayotgan nufuzli ishlab chiqaruvchilar ko‘p. Ko‘rgazmada isitish, havoni tozalash va sovutish, suv ta’minoti, quvurlar va fitinglar bo‘limlari e’tiborni tortmoqda. Tadbirda Xitoyning to‘rtta kompaniyasi va mamlakatimizning “Akfa” milliy xoldingi ilk marotaba ishtirok etmoqda. “Akfa” milliy xoldingi Royal savdo belgisi ostidagi suv isitgichlar va Lider Line® brendidagi alyuminiy radiatorlarni namoyish qilmoqda.
– Aqua-Therm Tashkent ko‘rgazmasi O‘zbekistonda kompaniyamiz filialini tashkil etishga undadi, – deydi “Youngsan” kompaniyalar guruhining MDH mamlakatlari bo‘yicha ijrochi direktori Chong Man Su (Janubiy Koreya). – O‘zbekistonlik sheriklarga xususiy va ko‘p xonadonli uy-joylar, dala hovlilar uchun suv va binolarni isitadigan kichik bug‘ qozonlarini taklif qilyapmiz. Samarali hamkorligimizdan mamnunmiz va aloqalarimiz yanada kengayishiga umid qilamiz.
Qurilish sanoatining jadal rivojlanayotgani mebel ishlab chiqarish sohasini jonlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bois, MebelExpo Uzbekistan ko‘rgazmasi barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Joriy yilda alohida pavilonga joylashtirilgan ekspozitsiya bir necha, jumladan, “Yog‘ochga ishlov berish uskunalari” va “Yog‘ochga ishlov berish anjomlari” kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan.
Ko‘rgazmada 15 mamlakatdan 90 dan ortiq kompaniya o‘z stendlarini namoyish qilmoqda. Ishtirokchilar orasida Avstriya, Germaniya, Italiya, Litva, Xitoy, Polsha, Rossiya, Sloveniya, Chexiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar vakillari bor.
Sloveniya, Germaniya va Turkiya kompaniyalari “Mebel kimyosi” bo‘limida odatdagidek yetakchilik qilmoqda. “Mebel ishlab chiqarish uchun xomashyo va materiallar” bo‘limidagi turli takliflar ishtirokchilarga manzur bo‘lmoqda. Bu yerda shpon, mebel furniturasi, taxta qirrasi, qog‘oz va dekorlar, profil va panellar taqdim etilmoqda. Ko‘rgazmada mamlakatimiz vakillarining safi tobora kengayib borayotgani quvonarli. 2015 yilda 17 kompaniya ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 26 taga yetdi. Uy va ofis mebellari, interer va dizayn buyumlari, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, diler va distribyuterlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qariyb 1,5 ming korxona faoliyat yuritmoqda. 2015 yil yakunlari bo‘yicha soha korxonalarining mahsulot ishlab chiqarish hajmi 468 milliard so‘mdan oshdi. MebelExpo Uzbekistan ko‘rgazmasi ularga yangi sheriklar topish, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va manfaatli shartnomalar tuzish imkonini bermoqda.
– Mamlakatimizda mebel ishlab chiqaruvchilar o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, – deydi “El E’zoz” MChJ direktori o‘rinbosari Olim Isroilov. – Buning samarasida yigirma yildan buyon xaridorlarga sifatli oshxona, mehmonxona va yotoqxona mebellarini taklif qilib kelyapmiz. 2015 yilda qariyb ikki milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik. Xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtirok xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eksport salohiyatini yuksaltirish va zarur asbob-uskunalarni xarid qilish imkonini bermoqda.
– O‘zbekiston mebel sanoati yil sayin jadal rivojlanmoqda, – deydi “Duerkopp Adler AG” kompaniyasining savdo menejeri Andrey Olfert (Germaniya). – O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning keng turdagi mahsulotlari namoyish qilinayotgan ushbu ko‘rgazma buning yorqin tasdig‘idir. Ushbu mahsulotlar yuqori sifat va zamonaviy dizaynga ega. Kompaniyamiz tomonidan taklif qilinayotgan tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchilarga o‘z imkoniyatlari va mahsulot turlarini kengaytirishga yordam beradi, deb o‘ylayman.
Bir-birini to‘ldirib turgan, keng turdagi takliflarga boy ushbu xalqaro ko‘rgazmalar sanoatning zamonaviy tendensiyalaridan boxabar bo‘lish imkonini bermoqda.