Xalqaro investitsiya forumi start oldi
Guliston shahrida “Sirdaryoda biznes qiling!” xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. 27–28-avgust kunlari davom etayotgan mazkur yirik tadbir Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyatini xalqaro biznes hamjamiyatiga namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va aniq kelishuvlarga erishish uchun muhim muloqot maydoniga aylanmoqda.
Sirdaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan forumda 700 nafardan ortiq ishtirokchi — 20 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin xorijiy investor, 300 nafardan ziyod mahalliy tadbirkor, diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda 10 ta hamkor hudud delegatsiyalari ishtirok etishmoqda.
Tadbirning dastlabki qismida viloyatning investitsiyaviy imkoniyatlari, istiqbolli loyihalari va eksport salohiyati taqdim etildi. Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, axborot texnologiyalari, transport-logistika va turizm kabi yo‘nalishlar xorijiy investorlar e’tiboriga havola qilindi.
[gallery-31104]
Forumning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokchilarni qutlab, bugungi muloqot oddiy taqdimotlar bilan cheklanib qolmasligi, balki yangi loyihalar va amaliy hamkorliklarga yo‘l ochishi zarurligini ta’kidladi.
— Bugun biz Vatanimiz Mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida “Sirdaryoda biznes qiling!” investitsiya forumida uchrashib turibmiz. Bu nafaqat hamkorlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, balki kelajak taraqqiyotining yangi sahifasini birgalikda yozish yo‘lida muhim qadamdir, — dedi viloyat rahbari.
U xorijiy investorlar, diplomatik vakolatxonalar, qo‘shni hududlar va davlat tashkilotlari vakillarining Sirdaryoga tashrifini o‘zaro ishonch va hamkorlikning muhim ifodasi sifatida qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar hududlarning iqtisodiy salohiyatini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga, yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollardan, eksport hajmi esa 33,4 milliard dollardan oshgan.
2026-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori darajada saqlab qolish, yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollar, eksportni esa 40 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.
Sirdaryo viloyatida ham investitsiyaviy faollik yil sayin ortib bormoqda. So‘nggi 10 yilda viloyat iqtisodiyotiga 8 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lib, shundan 2,5 milliard dollardan ortig‘i xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda esa xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Sanoat zonalaridagi faollik ham ushbu jarayonning muhim ko‘rsatkichlaridan biri. So‘nggi davrda qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan 30 ta investitsiya loyihasi 420 gektar maydonga joylashtirildi.
Bu raqamlar zamirida yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar va minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari mujassam. Shu bois forumda Sirdaryoning mavjud iqtisodiy salohiyatini aniq investitsiya loyihalariga aylantirish, yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Forumda mamlakatda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar natijalari ham qayd etildi. Jumladan, tadbirkorlar uchun ma’muriy yukni kamaytirish, ayrim hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilish va ularni raqamlashtirish, kichik biznes uchun tekshiruvlarga moratoriy joriy etish, qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasini 5 milliard so‘mga oshirish kabi choralar yangi imkoniyatlarni kengaytirmoqda.
Xorijiy mehmonlar ishtirokidagi muloqotlar ham forumning muhim qismi bo‘ldi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun video murojaat yo‘llagan bo‘lsa, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qasimov, Xitoyning O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes uyushmasi raisi Li Chenguang, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev, “Novugen Farm” kompaniyasi rahbari Javid Xan hamda Chjetszyan tadbirkorlari uyushmasi raisi Syuy Ichao kabi xorijiy va mahalliy biznes vakillari o‘z fikrlarini bildirishdi.
Qizig‘i, o‘tgan yilgi forumda mehmon sifatida ishtirok etgan ayrim investorlar bu yil Sirdaryoga yana qaytib, endi mezbon investor sifatida qatnashmoqda. “Lyanxe Greyd Agro”, “Tavsid Jeneral”, “Vuzong Enerji”, “FM Vorld”, “Lesso”, “OTR Grup” kabi kompaniyalar vakillarining ishtiroki ham hamkorlikning bir martalik tadbir emas, balki izchil jarayonga aylanayotganidan dalolat beradi.
Forum doirasidagi V2V va V2G uchrashuvlari esa ushbu muloqotlarni aniq natijalarga yo‘naltirmoqda. Investorlar, tadbirkorlar va davlat organlari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilib, yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
— Bugun Guliston shahrida o‘tkazilayotgan “Sirdaryoda biznes qiling!” xalqaro investitsiya forumi doirasida 10 dan ortiq xorijiy investor bilan muzokaralar o‘tkazib, qator kelishuvlarga erishdik. Xususan, Xitoy va Afg‘onistondan tashrif buyurgan investorlar bilan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borildi. Sayxunobod tumanida chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish, chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish va qayta ishlash, parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Eng muhimi, bu kelishuvlar qog‘ozda qolib ketmasdan, amaliy loyihalarga aylanishi kerak. Har bir yangi investitsiya — yangi ish o‘rni, yangi mahsulot va qo‘shimcha soliq tushumi demakdir. Loyihalar bosqichma-bosqich ishga tushirilishi bilan tumanning investitsiyaviy jozibadorligi yanada oshadi, mahalliy mahsulotlar turi kengayadi va ularni nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlari ham ortadi, — deydi forumda ishtirok etgan Sayxunobod tumani hokimi Komiljon Mullajonov.
— Sayxunobod tumanida ichki turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 7 million dollar bo‘lgan daryo bo‘yidagi dam olish maskani loyihasi ustida ish olib boryapmiz. Hozirda qurilish ishlari 75–80 foizga yakunlangan bo‘lib, ob’ektni dekabr oyiga qadar ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Buning natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qolaversa, ushbu daryo bo‘yidagi dam olish zonasida Dubay va Turkiyaning dengiz sohillaridagi kabi zamonaviy va qulay dam olish muhitini yaratmoqchimiz. Bu esa nafaqat ichki turizmni rivojlantirishga, balki Sayxunoboddagi daryo bo‘yi dam olish maskaniga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi.
Bugungi forum doirasida parrandachilik yo‘nalishida, ya’ni parranda mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ham tuman hokimligi bilan qo‘shimcha kelishuvga erishdik. Bu loyiha kelgusida ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mahsulotlarni qayta ishlash darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi, — deydi afg‘onistonlik investor Shamsulhaq Abdurazzoq.
Forumdagi V2V va V2G uchrashuvlari Guliston tumani uchun ham samarali bo‘ldi. Xususan, tumanning eksport salohiyatini oshirish va yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qator muhim kelishuvlarga erishildi.
— 27–28-avgust kunlari Sirdaryoda o‘tkazilayotgan “Sirdaryoda biznes qiling!” xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan V2V va V2G uchrashuvlarida Guliston tumani uchun muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Afg‘onistonlik investorlar bilan qiymati 10 million dollar bo‘lgan memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Guliston tumanidan Afg‘onistonga sement mahsulotlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulot Angren shahridagi “Ohangaron sement” korxonasidan xarid qilinib, tashqi bozorga yetkazib beriladi.
Shuningdek, Xitoylik investorlar bilan tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 5,5 million dollarlik memorandum imzolandi. Loyihani amalga oshirish maqsadida 3 gektar yer maydoni auksion orqali ajratilgan bo‘lib, bu yerda tamaki yetishtirish va uni qayta ishlash jarayonini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ayni paytda loyihani amalga oshirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Umuman, forum doirasidagi bunday kelishuvlar Guliston tumanining eksport salohiyatini oshirish, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini tashkil etish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim qadam bo‘lmoqda.
Eng muhimi, bugun imzolanayotgan memorandumlar kelgusida aniq investitsiya loyihalariga aylanib, tumanda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va ishlab chiqarish hajmining oshishiga xizmat qiladi, — deydi Guliston tumani hokimligi bosh mutaxassisi Alijon Ergashev.
Forumning yana bir diqqatga sazovor qismi — sanoat yarmarkasi. Unda Sirdaryoda faoliyat yuritayotgan xorijiy va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Yarmarka mehmonlarga nafaqat tayyor mahsulotlarni ko‘rish, balki viloyatda shakllangan ishlab chiqarish zanjiri, mahalliylashtirish imkoniyatlari va eksport salohiyati bilan tanishish imkonini berdi.
Bir qarashda yarmarka oddiy mahsulotlar ko‘rgazmasidek tuyulishi mumkin. Aslida esa unda Sirdaryoning iqtisodiy qiyofasi namoyon bo‘ldi. Bir tomonda — bugun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ikkinchi tomonda esa — ularni yangi bozorlarga olib chiqish va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun izlanayotgan hamkorlar.
Yarmarkadagi har bir mahsulot ortida muayyan korxona, texnologiya, mehnat va bozor bor. Shu ma’noda, bu yerda namoyish etilgan mahsulotlar Sirdaryoning bugungi ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rsatsa, ularga qiziqish bildirgan investorlar esa kelgusi o‘sish nuqtalarini belgilab bermoqda.
Forumning iqtisodiy dasturi madaniy tadbirlar bilan uyg‘unlashtirilgani ham e’tiborga molik. Xorijiy mehmonlar uchun “Qovun sayli” va “Etno-folklor” festivallari tashkil qilinib, Sirdaryoning milliy qadriyatlari, hunarmandchiligi va mahalliy mahsulotlari namoyish etilmoqda. Shuningdek, investorlarni sanoat zonalari, ishlab chiqarish korxonalari va istiqbolli loyihalar bilan tanishtirish maqsadida hududlarga tashriflar uyushtirilmoqda.
Bu esa forum mazmunini yanada kengaytiradi. Chunki investor uchun hududning faqat raqamlari emas, balki uning infratuzilmasi, mehnat resurslari, logistika imkoniyatlari, ishlab chiqarish muhiti, mahalliy mahsulotlari va inson kapitali ham muhim.
Shu nuqtai nazardan, “Sirdaryoda biznes qiling!” forumini viloyatning iqtisodiy salohiyatini namoyish etadigan navbatdagi tadbir sifatidagina emas, balki investitsiyalarni real iqtisodiy loyihalarga aylantirishga qaratilgan amaliy muloqot maydoni sifatida baholash mumkin.
Zero, investitsiya forumining samarasi sahnada aytilgan so‘zlar, taqdimotlar yoki imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki ularning keyingi taqdiri bilan o‘lchanadi. Qurilgan korxona, ishga tushgan ishlab chiqarish quvvati, yaratilgan yangi ish o‘rni, o‘zlashtirilgan texnologiya va tashqi bozorga chiqarilgan mahsulot — ana shular forumning eng muhim natijasi bo‘ladi.
Sirdaryo bugun ana shu natijalar uchun imkoniyatlarini ochib bermoqda. Endi asosiy vazifa — forumda bildirilgan tashabbus va kelishuvlarni izchil davom ettirish, investorlarga zarur sharoitlarni yaratish va har bir loyihaning qog‘ozda emas, amalda o‘z samarasini ko‘rsatishini ta’minlashdir.
Chunki har bir yangi investitsiya — faqat sarmoya emas. U yangi korxona, yangi ish o‘rni, yangi mahsulot, yangi bozor va hudud iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtasidir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat-video) O‘zA