Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman
Urganch davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Hindiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan, shuningdek, respublikamizdan ham bir qator olimlar oflayn hamda onlayn tarzda ishtirok etdi.
Shuningdek, anjumanga viloyatdagi nafaqat oliy ta’lim, balki maktab va maktabgacha ta’lim tizimi vakillari ham taklif etildi.
– Ilmiy-amaliy anjuman mamlakatimiz ta’lim tizimining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mavzu – ta’lim sohasida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish: muammolar va innovatsion yechimlar mavzusiga bag‘shlangan bo‘lib, bugungi tezkor taraqqiyot davrida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, pedagogik yondashuvlarni zamonaviy talablarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Urganch davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori Feruza Madrahimova. – Bugungi kunda zamonaviy ta’lim jarayonida pedagogik yondashuvlarni yangilash, o‘quvchilarning individual psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘qitish samaradorligini oshirish dolzarb masalalardan biridir. Shu boisdan, ilm-fan va amaliy tajribaga asoslangan holda innovatsion texnologiyalarni joriy etish har qachongidan ham muhim vazifadir.
Xalqaro anjuman davomida tinglangan ma’ruzalarda asosan ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitishda innovatsion metodlarning o‘rni va roli haqida so‘z bordi. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar va ularning yechimlari aytildi.
– Mazkur konferensiya pedagogikaning butun dunyodagi rivojiga hissa qo‘shadi, – deydi Moskva davlat lingvistika universitetining Aniq va gumanitar fanlar instituti direktori, falsafa fanlari doktori, professor Cheslav Daletskiy. – Axborot texnologiyalari bilan bog‘liq masalalar bugungi kunda ta’lim sohasida muhim o‘rin egallaydi. Bu informatsion texnologiyalar va sun’iy intellektlarning ta’lim sohasidagi qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Bugungi anjumanda ko‘tarilgan dolzarb masala axborot texnologiyalarini ta’lim sohasida ilgari surish va uning afzalliklari nimalarda o‘z aksini topishini aniqlashdan iborat. Oldinlari biron ma’lumotni olish uchun uzoq masofalar bosib kutubxonalarga borar edik. Hozir esa onlayn rejimda hohlagan muzey yoki kutubxonaga kirib mutaxassislardan istagan ma’lumotlarni olish imkoniyatlari mavjud. O‘zbekistonda ham bunday imkoniyatlarning kengayayotgani ilm-fan rivojida muhim o‘rin tutadi. Biz hamkorlikka hamisha tayyormiz.
[gallery-22557]
Ilmiy-amaliy anjuman olimlarni ilm yo‘lida birlashtirdi hamda ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarga fikr almashish uchun munosib maydon va katta imkoniyat yaratib berdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari