Xalqaro hamkorlik yanada rivojlanadi
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov rahbarligidagi mas’ullar Avstriyaning “LASSERBERGER Group” kompaniyasi ta’sischisi Josef Lasserberger bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Muzokara davomida investorga Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Kompaniya ta’sischisi viloyatning Kitob tumanidagi ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan qiziqdi.


Ta’kidlash lozimki, Kitob tumani juda ko‘p mineral xom ashyolari zaxirasiga ega hudud. bugungi kunda tumanda 58 ta kon mavjud bo‘lib, 12 tasi o‘zlashtirilmagan. Xususan, 4 million kub g‘isht va kafel ishlab chiqarish xomashyosi, 280 million tonna sement ishlab chiqarish xomashyosi, 25 million metr kub qurilish toshlari, 8 million metr kub marmar toshlari zaxirasi mavjud.
Ma’lumot o‘rnida bugungi kunda Kitob tumanida 19 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 11 tasi qo‘shma korxona, 8 tasi xorijiy korxona hisoblanadi. Ushbu korxonalar tomonidan 200 million dollardan ortiq mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali jalb qilingan.
Davlatimiz rahbari boshchiligida hududlarning “drayver” yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida o‘tgan yil Kitob tumanida 37 gektar maydonda erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Bu yerda ishlab chiqarishni olib boradigan korxonalar uchun bir qator imtiyozlar yaratib berilgan. Xususan, 3 million dollarlik loyihalar uchun 3 yil, 5 million dollargacha bo‘lgan loyihalar uchun 5 yil muddatda, 10 million dollargacha bo‘lgan loyihalar uchun 7 yilgacha, 10 milliondan ortiq loyihalar uchun 10 yil muddatda yer, mulk va suvdan foydalanish uchun soliqlardan, eksport uchun xomashyo mahsulotlari hamda ishlab chiqarish uskunalarini olib kelishda imtiyozlar berilgan.


Ikki tomonlama muzokaralar natijasida “LASSERBERGER Group” kompaniyasi bilan Kitob tumanida toshni qayta ishlab, undan bo‘yoq, qurilish qorishmalari va 200 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 35 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi hamda tomonlar Anglashuv memorandumini imzoladi.
Ma’lumot uchun, “LASSERBERGER Group” 3 yo‘nalishda – mineral xom ashyolar, sopol va qurilish materiallari ishlab chiqarish borasida Yevropadagi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi ishlab chiqarish maydonchalari nafaqat mahalliy ichki bozorlarni, balki ko‘plab xalqaro bozorlarni, ayniqsa, G‘arbiy Yevropani ham xomashyo bilan ta’minlaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.