Xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Andijon mashinasozlik institutida “Axborot oqimlari va intellektual tizimlarning ijtimoiy, iqtisodiy va texnik-texnologik tarmoqlardagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston, Yaponiya, Rossiya, Qirg‘iziston hamda yana bir qator mamlakatlarning institut va universitetlari hamkorligida o‘tkazildi. Unda Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya davlatlarining oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan ma’ruzalar tinglanib, mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, amaliyotga ilg‘or tajribalarni joriy etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-14544]
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilariga shu’balarga bo‘lingan holda texnik ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitish, sun’iy intellekt ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, iqtisodiyotda axborot texnologiyalari, tizimdagi muammo va yechimlar muhokama qilindi. Qator masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘tkazilgan ilmiy anjuman ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash imkonini berdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari