Xalqaro energiya tejamkorlik kuni
11 noyabr — Xalqaro energiya tejamkorlik kuni. Shu munosabat bilan Toshkent Iqtisodiyot va pedagogika instituti Chirchiq filialida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda ushbu sananing nishonlanish sabablari va uning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, “Resurslar va energiyadan foydalanish bo‘yicha maktab loyihasi” (SPARE) xalqaro ekologik tarmoq tashabbusi bilan 11 noyabr kuni “Xalqaro energiyani tejash kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu bayramni belgilash to‘g‘risidagi qaror 2008 yilning aprelida Qozog‘istonda SPARE koordinatorlarining xalqaro yig‘ilishida qabul qilingan. Mazkur loyihada 20 ga yaqin davlat ishtirok etgani bois ushbu sana xalqaro maqomga ega bo‘ldi.

Ushbu bayramning asosiy maqsadi resurslardan oqilona foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iborat. Energiyani tejash masalasi atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqishini kamaytirishni ham nazarda tutadi.
Qish fasli yaqinlashgani sari energiya quvvatlarining ahamiyati ortadi, undan foydalanish ehtiyojlarimiz ko‘payadi. Bu esa energiya resurslaridan samarali foydalanish va tejamkorlikni talab etadi. Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasining yangi Saylovoldi dasturida ham energiya ta’minoti sohasidagi moliyaviy hisobotlarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash partiyaning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Ta’lim dargohidagi targ‘ibot tadbirida shular haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
M.Komilova, O‘zA