Xalqaro ekspert zamonaviy tajriba bilan tanishdi
Sirdaryo viloyatida paxta yetishtirish, hosilni qabul qilish, sifatini baholash va qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuvlar hamda raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro ekspertga namoyish etildi. Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) texnik direktori, doktor Keshav Kranti viloyatda paxta yetishtirishdan tortib, tayyor xom ashyoni qabul qilish va sifatini aniqlashgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishdi.
Xalqaro ekspertga O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamrohlik qildi.
Tashrif avvalida Sirdaryo tumanidagi «Peng Sheng Agro Tech» kompaniyasining paxta dalalari ko‘zdan kechirildi. Bu yerda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar, hosildorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, suv va boshqa resurslardan tejamkor foydalanish usullari haqida ma’lumot berildi.

Daladagi ish jarayonlarida paxta yetishtirishning har bir bosqichini aniq rejalashtirish, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish, resurslar sarfini maqbullashtirish va mehnat unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi manzil Sayxunobod tumanidagi paxta dalalari bo‘ldi. Bu yerda ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy asoslangan agrotexnik yondashuvlarni uyg‘unlashtirish orqali hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va yer unumdorligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov paxtachilikda hosildorlik bilan bir qatorda resurslardan oqilona foydalanish, ish jarayonlarini texnologik jihatdan takomillashtirish va mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan yondashuvlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

Sayxunobodda paxta yig‘ib olinganidan keyin dalalarda qoladigan g‘o‘za poyalarini qayta ishlash orqali biochar ishlab chiqarish jarayoni ham namoyish etildi. Mazkur texnologiya qishloq xo‘jaligi qoldiqlarini qayta ishlab, ulardan qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot olish imkonini beradi. Shuningdek, g‘o‘za poyalaridan samarali foydalanish chiqindilar hajmini kamaytirish, tuproq unumdorligini tiklash va qishloq xo‘jaligida aylanma iqtisodiyot tamoyillarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan yana biri paxtani qabul qilish va sifatini baholash jarayonlari bo‘ldi. Yangiyer shahridagi «Sirdaryo Jingu» korxonasida mehmonlarga paxtani qabul qilish, laboratoriyada uning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash hamda keyingi qayta ishlash jarayonlari ko‘rsatildi.

Korxonada xalqaro talablarga mos laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda paxtaning sifat ko‘rsatkichlari zamonaviy usullar asosida aniqlanib, xom ashyoning xususiyatlari ob’ektiv baholanadi. Bunday yondashuv mahsulot sifatini nazorat qilish, qabul jarayonida xolislikni ta’minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Paxtani qabul qilish jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham mehmonlar e’tiboriga havola qilindi. Xususan, «AgroTarozi» tizimi orqali xom ashyoni tortish, qabul qilish va tegishli ma’lumotlarni elektron shaklda qayd etish imkoniyati yaratilgan. Raqamlashtirish qabul jarayonining shaffofligini oshirish, ma’lumotlarni aniq yuritish va inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu tariqa, xalqaro ekspertga Sirdaryo paxtachiligining o‘zaro uzviy bog‘liq jarayonlari — yerga ishlov berish va paxta yetishtirishdan tortib, hosildan keyingi qoldiqlarni qayta ishlash, xom ashyoni qabul qilish, laboratoriyada sifatini baholash va raqamli hisobga olishgacha bo‘lgan bosqichlar yaxlit tizim sifatida namoyish etildi.

Bugungi kunda paxtachilik samaradorligi faqat yetishtirilgan hosil miqdori bilan emas, balki yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil etish, mahsulot sifatini aniq baholash, raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash va hosildan keyingi qishloq xo‘jaligi qoldiqlarini qayta ishlash kabi omillar bilan ham belgilanmoqda.

Sirdaryoda namoyish etilgan tajriba ana shu zamonaviy talablarning amaliyotdagi ifodasidir. Dalada resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, g‘o‘za poyalarini qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, paxtani zamonaviy laboratoriyalarda baholash va qabul jarayonlarini raqamlashtirish tarmoqda samaradorlikni oshirishning o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarini qamrab olmoqda.

Tashrif yakunida xalqaro ekspert Sirdaryoda paxtachilikni rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish, mahsulot sifatini nazorat qilish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi hamda sohadagi amaliy tajriba yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri