Xalqaro davra suhbatida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasi muhokama qilindi
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida «Barqaror rivojlanish maqsadlari kontekstida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasini muhokama qilish bo‘yicha qo‘shma maslahatlashuvlar» mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, vazirlik, idoralar mas’ullari, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari, NNT hamda OAV vakillari qatnashdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini xalqaro ekspertizadan o‘tkazish, ya’ni xorijiy ekspertlarning fikr-mulohazalari va tavsiyalarini jamlash, tahlil qilish va shu orqali mazkur strategiyani yanada takomillashtirishdan iborat.

–O‘zbekistonda qabul qilinayotgan muhim strategik hujjatlar loyihalarini tayyorlashda mahalliy jamoatchilik, shuningdek, xorijiy ekspertlar fikr-mulohazalarini o‘rganish ham muhim hisoblanadi, – dedi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Mamlakatimizda o‘tgan davrda davlat boshqaruvidagi shaffoflik ta’minlanishi natijasida jamoatchilik fikrlarini erkin bildirishiga ochiq maydon yaratib berildi.

O‘z navbatida, hujjatlar loyihasi ishlab chiqilganidan so‘ng, ular umumxalq muhokamasiga havola etilib, oddiy odamlar, mutaxassis-ekspertlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillarining fikr-mulohazalari, taklif-tavsiyalari inobatga olinganidan so‘nggina qabul qilinib, ijroga yo‘naltirilmoqda.

Eldor Tulyakovning qayd etishicha, bugungi kunda, 17 ta milliy maqsad hamda 126 ta vazifadan iborat Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini (BRMM) kompleks, tarmoq va mintaqaviy rivojlanish strategiyasi va dasturlariga integratsiya qilish, uni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish, tarmoqlararo muvofiqlashtirish hamda ularga erishish yo‘lida kompleks yondashuvni ta’minlash bo‘yicha muntazam sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Olib borilayotgan ishlar natijasida joriy yilda O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan e’lon qilingan BRM (SDG index) reytingida 8 pog‘onaga ko‘tarilib, 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69 o‘rinni egalladi.
Shu o‘rinda aytish muhimki, O‘zbekistonda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan mamlakatni rivojlantirishning ikkita strategik dasturi – Harakatlar strategiyasi hamda Taraqqiyot strategiyasi inson sha’ni, haq-huquqlari, tibbiyot, ta’lim, atrof-muhit muhofazasi va shu kabi qator sohalarda mamlakat o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni to‘liq qamrab olgan.
Yig‘ilishda muhokama qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ham 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsadni, xususan, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni 2 barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududininng yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Strategiyada belgilayotgan maqsad va vazifalar, BRMMlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos «yo‘l xaritasi» vazifasini o‘taydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbir 3 sessiyaga bo‘lingan holda davom etdi. Sessiyalarda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida ko‘zda tutilgan – Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, Suvni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish kabi yo‘nalishlarda nazarda tutilgan ayrim maqsadlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, taqdimotlar o‘tkazilib, ular bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Konsuelo Vidal BRYUS, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi:
– O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan yangi strategiyasi loyihasi Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari va vazifalariga muvofiqligini muhokama qilish maqsadida yig‘ildik. Ushbu strategiya, shubhasiz 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Biz strategiyaning 5 ta asosiy yo‘nalishidagi maqsadlar, vazifalar va faoliyati, shuningdek, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanishning milliy maqsadlariga qanchalik mos kelishini batafsil o‘rgandik.
Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga 2030 yilgacha milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ikkinchi Ixtiyoriy milliy sharhini taqdim etdi. Unda mamlakatning BRMMlarini moliyalashtirish, xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, demografik rivojlanish bilan bog‘liq o‘ziga xos milliy jihatlarga moslashish, ayollar va yoshlar, gender tenglikni qo‘llab-quvvatlash siyosatini kuchaytirish bo‘yicha salohiyati va imkoniyatlari ochib berilgan. Hujjatda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Barqaror rivojlanishning maqsad va vazifalari o‘rtasidagi muvofiqlik, o‘zaro bog‘liqlik muhim o‘rin egallagani, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega.
Davra suhbati davomida ekspertlar tomonidan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasining asosiy yo‘nalishlari keng muhokama qilinib, mazkur hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha konseptual taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
O‘zA