Xalq yozuvchisi bilan uchrashuv
Mamlakatimizda 21 oktyabr – O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun arafasida turli ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar, qiziqarli ijodiy loyihalar tashkil etilmoqda. Sana munosabati bilan joylarda atoqli adiblar, olimlar va siyosat arboblari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida o‘tgan navbatdagi ijodiy muloqot ham Ona tili bayramimizga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi, «Tafakkur» jurnalining bosh muharriri Erkin A’zam jamoa mehmoni bo‘ldi.
Erkin A’zam birinchi va ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida endi istiqlolga erishgan davlatimizning ilk milliy qonunlarini ishlab chiqish va qabul qilishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan ijodkor sifatida xalqimizga yaxshi ma’lum.

U zamonaviy o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan. «Chiroqlar o‘chmagan kecha», «Otoyining tug‘ilgan yili», «Olam yam-yashil», «Javob», «Bayramdan boshqa kunlar», «Pakananing oshiq ko‘ngli», «Kechikayotgan odam», «Shovqin», «Yozuvchining bog‘i» kabi o‘nlab roman, qissa va hikoyalari adabiy jamoatchilik tomonidan o‘zbek nasrining yutuqlari sifatida e’tirof etilgan. Dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan asarlarining xalqaro taqdimotlari G‘arbu Sharqning eng yirik shaharlarida mutaraqqiy olamning atoqli jamoat, fan va madaniyat arboblari, munaqqidlari ishtirokida o‘tkazilgan zabardast adiblar nafaqat Vatanimizda, balki xorijda ham ko‘p emas.
Bugun yozuvchining ijodi mustaqil O‘zbekistonning iqtidorli yosh ijodkorlari uchun o‘ziga xos adabiy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda. Asarlari adabiyot va san’at ixlosmandlari tomonidan doimo yuksak qadrlanadi. Ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar va orzular avlodlarni insonparvarlik, mehr-oqibat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, o‘z ona tilimizga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishga xizmat qilmoqda.

Erkin A’zam – ijtimoiy faol ijodkor, vijdoni mudom uyg‘oq bo‘lgan zahmatkash ziyoli. Uning teran va o‘tkir publitsistikasi, adabiy-falsafiy maqolalari chuqur mantiqiyligi, dolzarbligi bilan o‘quvchilarda doim katta qiziqish uyg‘otadi. Gazeta va jurnallarda, televideniyeda, internet nashrlardagi chiqishlari buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ayni paytda ustoz yozuvchi ona tilimizning haqiqiy jonkuyari va fidoyisidir. O‘zbek tiliga, umuman, har bir so‘zimizga katta mas’uliyat, hurmat va jiddiylik bilan yondashish uning ijodida, adiblik faoliyatida ustuvor o‘rin egallaydi.
Tadbirda davlat tilini rivojlantirish, saylov qonunchiligi va amaliyoti, parlament hayoti, ma’naviyat, adabiyot, kitobxonlik kabi mavzularda qiziqarli suhbat bo‘ldi.
N.USMONOVA,O‘zA