Xalq va armiya yakdilligi yo‘lida
Mamlakatimiz mustaqilligi xalqimiz erishgan ulug‘ ne’mat sifatida e’tirof etiladi. Uni yanada mustahkamlash yurtimizda yashayotgan har bir insonning faolligi va fidoyiligiga bog‘liq.
Bu borada Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqdaki, shu orqali xalq va milliy armiya o‘rtasidagi uzviy birlikni, hamfikrlikni va yakdillikni mustahkamlamoqda, mudofaa va harbiy qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida keng jamoatchilik fikrini shakllantirib, Vatanimiz mudofaa qudratini oshirishning dolzarb masalalarini atroflicha o‘rganish, shu asosida tegishli taklif, tavsiyalar ishlab chiqish va mana shu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, xalq va armiya yakdilligini ta’minlashdek muhim vazifalarni bajarmoqda. Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazorati mexanizmi mukammal tarzda shakllanib borayotganligini kuzatish mumkin. Bu esa Jamoatchilik kengashining mamlakatimiz barcha hududlarini qamrab olgan faoliyati misolida yanada yorqin aks etmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Albatta, bu tashabbus bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bu borada jamoat tashkilotlarining roli va mavqeini yuksaltirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Zero, jamoat tashkilotlari, jamoatchilik nazoratining faoliyat ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bunday noyob amaliyoti, fikrimcha, xorij tajribasida hali mavjud emas.
Jamoatchilik kengashining yuqorida ko‘rsatilgan masalalar yuzasidan erishgan yutuqlarini e’tiborga olgan holda keyingi yillarda uning faoliyatini yanada takomillashtirish va imkoniyatlarini kengaytirishga ob’ektiv zarurat tug‘ildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda Mudofaa vazirligi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashining xalq va armiya birdamligiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, ushbu Kengashning mintaqaviy bo‘linmalarini tuzish orqali uning imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bois 2017 yilning 23 avgustda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashining hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Shuningdek, tasdiqlangan Nizom asosida Kengash a’zolarining vazifalari va majburiyatlari belgilab berildi.

Kengashning maqsad va vazifalariga ko‘ra, mudofaa va harbiy qurilish sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga daxldor eng dolzarb masalalarga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish, fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishdan boshlab, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarning ijtimoiy va professional moslashuvigacha bo‘lgan masalalarni hal etish, shunga doir taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishi lozim deb belgilandi. Xo‘sh, o‘tgan yillar mobaynida Jamoatchilik kengashi a’zolari mazkur muhim vazifalarni bajarishni qay darajada uddaladi? Ta’kidlash joizki, Jamoatchilik kengashi tashkil topgan kundan boshlab, Mudofaa vazirligi faoliyati shaffofligini ta’minlashga, harbiy xizmatchilarga munosib xizmat va maishiy sharoitlar yaratishga, harbiy qismlarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni saqlashga, harbiy xizmat mavqeini oshirishga, chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarni ma’naviy-ma’rifiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Harbiy qismlardagi shart-sharoitlar, harbiylarimizning hayoti va xizmat faoliyati jarayonlari jamoatchiligimizning ko‘z o‘ngida, xuddi ko‘zgudagidek namoyon bo‘lishida, shu bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda, ayni chog‘da yoshlarimizni harbiy xizmatga tayyorlash, yurtdoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ham Jamoatchilik kengashi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Men bugun amalga oshiradigan ishlarimiz ham ko‘lami, ham mazmun-mohiyati jihatidan o‘ziga xos ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratmoqchiman. Chunki bu boradagi reja va dasturlarimiz aniq manzilli, tezkor, ixcham hamda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda o‘tkaziladigan sermazmun, manfaatli va qiziqarli tadbirlarni o‘zida mujassam etadi. Maqsadimiz, avvalambor, tinchlikni asrab-avaylash, uning qadriga yetish, tinchlikni tarannum etish, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
E’tibor bering, biz insoniyat tarixidagi eng rivojlangan davrda yashayapmiz. Fan-texnika taraqqiyoti yangi-yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda, odamlarga qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Biroq tinchлик, hayot avvalida bo‘lganidek, hozir ham eng tansiq ne’mat. Buni dunyoning har kungi manzarasi insoniyatga bot-bot eslatib turibdi. Mustaqillik yillarida xalqimiz erishgan eng katta boylik, hech shubhasiz, tinch-totuv hayotimizdir. Bugun O‘zbekistonda tug‘ilib, ulg‘ayib, voyaga yetayotgan yoshlarimizning har biri o‘z hayotini, kelajagini mana shu buyuk va muqaddas, betakror Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi bilan uyg‘un ko‘radi. Osuda, xotirjam va saodatli hayotimizning qadriga yetib, uni yanada ziyoda qilishni ko‘nglidagi eng toza va pokiza niyat, doimiy intilajak yorug‘ manzil deb biladi. Shuning uchun ham Jamoatchilik kengashi faoliyati doirasida yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlarimizni ularning orzu-istaklari, ezgu intilishlaridan kelib chiqib tashkillashtiramiz. Bu tadbirlar doirasida teatr va kino ustalari, xonanda va san’atkorlar, shoir va yozuvchilar, olimlar va ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan uchrashuv hamda muloqotlar tizimli va muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Jamoatchilik kengashi har doim harbiylar va yoshlar bilan, keng jamoatchilik bilan birga.

Birgina 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida Jamoatchilik kengashi va mintaqaviy bo‘linma a’zolari kengash Nizomida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan harbiy qism, muassasalar, bilim yurtlari va mahallalarda o‘tkazilgan 400 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, ya’ni Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilingan kursantlarning Vatanga qasamyodi va bitiruv marosimlarida, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tantanali kutib olish hamda xizmat muddatini o‘tab bo‘lganlarni kuzatish marosimlarida, «Askar onalarini sharaflaymiz», «Askar mahalla mehmoni», «Mening do‘stim askar» kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va videomuloqotlarda, bayramlar va muhim sanalar arafasida harbiy qism va muassasalarda o‘tkaziladigan tantanali tadbirlarda, harbiy qism va muassasalarda, dala o‘quv maydonlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida uyushtirilgan tashriflarda, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida test jarayonlarida, kasb-hunar kollejlarida va umumta’lim maktablarida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlangan tadbirlarda, harbiy xizmatchilar va oila a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarda, harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan bandligi ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan «mehnat yarmarkalari»da, «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi» shiori ostida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning xonadonlariga uyushtirilgan xayriya tadbirlarida, harbiy xizmatchilar va oila a’zolarining huquqiy va tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari va seminarlarda, Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkaziladigan taktik o‘quv mashg‘ulotlarida hamda xalq va armiya birdamligiga erishish maqsadida harbiy xizmatchilar ishtirokida mahallalarda o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etdilar.

Darhaqiqat, Kengash a’zolari har doim faol. Jumladan, Jamoatchilik kengashi a’zosi – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Baxodir Umurzakovning bevosita ishtirokida Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan Qo‘shma qarorga asosan hozirgi kunda harbiy xizmatchilarning to‘rt yuzdan ortiq oila a’zolari kasb-hunarga o‘rgatuvchi monomarkazlarda bepul tahsil oldi.
Jamoatchilik kengashi a’zosi, «Sog‘lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi Svetlana Inamovaning sa’y-harakatlari bilan harbiy xizmatchilarning olis garnizonlarda istiqomat qilayotgan 1000 ga yaqin oila a’zolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga bepul dori-darmonlar tarqatildi. Tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida ular bilan davra suhbatlari o‘tkazildi. Jamoatchilik kengashi a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Xolbutayevning tashabbusi bilan harbiy qism va muassasalar kutubxonalariga, Mudofaa vazirligiga qarashli «Tong» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga Yozuvchilar uyushmasi ijod fondi tomonidan uch mingdan ortiq badiiy adabiyotlar beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi. Jamoatchilik kengashi a’zosi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov tomonidan Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan turli tanlov va musobaqalar ishtirokchilariga besh yuzdan ortiq badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufovaning tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan «Namunali harbiylar oilasi» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan to‘qqiz nafar oilaga qimmatbaho sovg‘alar ajratildi. Jamoatchilik kengashi a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratulla Rafikov muddatli harbiy xizmatga ketayotgan yigitlarga Kasaba uyushmasi tomonidan sovg‘alar ulashishda hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini bayramlar arafasida moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ishlariga uzoq yillar davomida bosh bo‘lib kelmoqda.

Hozirgi kunda Jamoatchilik kengashining Jizzax, Farg‘ona, Surxondaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy bo‘linmalari o‘z faoliyatlarini harbiy qism va muassasalar bilan hamkorlikni faol yo‘lga qo‘yganini alohida ta’kidlash mumkin. Xotira va qadrlash kuni arafasida Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi bilan hamkorlikda Kengashning Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyati mintaqaviy bo‘linmalari tomonidan uyushmagan yoshlar va faxriylarning Toshkent shahrida joylashgan “Falaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashriflari uyushtirildi. Tadbir doirasida faxriylar, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Jamoatchilik kengashining Jizzax viloyati mintaqaviy bo‘linmasi tomonidan Jizzax garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar farzandlarining poytaxtimizdagi “Falaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashrifi uyushtirildi. Harbiy orkestr sadolari ostida kutib olingan bolajonlar «Shon-sharaf» muzeyi eksponatlari bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchi-yoshlar bilan «Men O‘zbekistonning baxtli farzandiman» mavzusida Mudofaa vazirligi rahbariyati, Jamoatchilik kengashi a’zolari, shoir va yozuvchilar, aktrisalar va Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining chiqishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi. Bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasidagi vazifalarni sharaf bilan ado etmoqda. Albatta, ezgulik yana bir ezgulikka yo‘l ochadi. Bu maqolni hayotiy shiorga aylantirgan, yelkasidagi mas’uliyat zalvorini doim his qilib turadigan Kengash a’zolari bundan buyon ham samarali faoliyat olib borishiga ishonchimiz komil. Bu ishonch Jamoatchilik kengashining istiqboli nurafshon ekanligidan dalolat beradi.
Sodiqjon TURDIEV,
O‘zbekiston Qahramoni, Senator, Mudofaa vazirligi huzuridagi
Jamoatchilik kengashi raisi