Xalq shoirlari talabalar huzurida
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida "Ma’rifat ulashib" loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ishtirokida ma’daniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Adabiy-badiiy uchrashuvda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati haqida so‘z yuritildi. Yosh avlodning kitob o‘qishga munosabati va adabiyotning yoshlar kamolotidagi o‘rni xususida fikr almashildi. Sirojiddin Sayyid bolalik, talabalik yillari, ilk she’rlarining yaratilish tarixi to‘g‘risida qiziqarli va ibratli xotiralarni yodga oldi. Mamlakatimizda ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, hozirgi adabiy ijodiy muhit haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
Shu kuni O‘zbekiston xalq shoiri S. Sayyid Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Talabalar turar joylari va etnografik muzeyini ko‘zdan kechirdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir qatnashchilari bilan institut hududiga archa ko‘chati o‘tqazdi. Institut kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.




***
Termiz davlat universitetida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ishtirokida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir ham talaba- yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yanada kengaytirishga xizmat qildi.
Uchrashuvda Usmon Azim hayot va ijod yo‘li, ustozlar o‘gitlari va shoir yuragining hamisha uyg‘oqligi haqida so‘zladi. She’rlaridan namunalar o‘qib, ularning yozilish tarixi bilan ham o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv qatnashchilari xalqimiz e’zozidagi bugungi adabiyotimizning otaxon ijodkorlaridan bo‘lgan shoirni o‘zlari uchun qaytadan kashf etdi. Talabalar sevimli ijodkoridan dastxatlar olishdi. Esdalik uchun suratga tushishdi. Yuzma-yuz ijodiy muloqot qiziqarli lahzalarga boy bo‘ldi.





Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri