Xalq “qozoni”ni tadbirkor qaynatadimi?
O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi deputati Bobur Rasulov bilan O‘zA muxbiri davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvidan ko‘zlangan maqsad va sohada amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar xususida suhbatlashdi.
— Davlatimiz rahbari yurtimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ularning xizmatlari e’tirof etilish bilan birga, sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari ham ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkor sifatida ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar nimada deb o‘ylaysiz?
— Davlatimiz rahbari Prezident sifatida saylangan kunlarning ilk davridanoq tadbirkorlarga katta e’tibor qaratib kelyapti. Chunki davlatdagi ijtimoiy masalalarni yechishda tadbirkorlarning roli juda katta. Birinchidan, ular yaratayotgan ish o‘rinlari tufayli xalqning qozoni qaynaydi. Ikkinchidan, ular to‘layotgan soliqlar tufayli byudjet shakllanadi va byudjet ijtimoiy, ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalariga yo‘naltiriladi. Bu esa O‘zbekistonimizning rivojlanishi, farovonligining omili hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning muammolarini o‘zlaridan bevosita eshitish, ularni qiynayotgan masalalarning yechimini berish, eng muhimi, ularning ruhiyatini ko‘tarish maqsadida mazkur uchrashuv tashkil etildi, deb o‘ylayman.
— Davlatimiz rahbari uchrashuv chog‘ida yer masalasiga alohida to‘xtalib o‘tishining sababi nimada?
— Tadbirkorlar tomonidan bo‘layotgan murojaatlar zamiridagi eng katta muammo bu yer muammosi edi. Fermerlarimiz ongida ertaga hokimning bitta qarori bilan yerni olib qo‘yish xavfi bo‘lgan. Agar Prezidentimiz xohlaganidek shaffof tizim bilan fermerlarga yer beriladigan bo‘lsa, u albatta, bu yerga yurak qo‘rini qo‘shadi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, yerga pul tikadi, vaqtini sarflaydi va yerini bugun ham, ertaga ham hosildorligi pasaymasligi uchun jon kuydirib ishlaydi.
— Yerlarni auksionda sotish masalasi tadbirkorga qanday moddiy manfaatdorlik olib keladi-yu, xalq uchun foydalilik tomoni nimada?
— Ekin maydonlaridan tashqari yerlarning auksion sotilishi korrupsion mexanizmlar orqali emas, davlatga pul to‘lash orqali amalga oshiriladi. Eng muhimi, yerning egasi mulkdor hisoblanadi. Mulkdorlik esa investitsiya kiritayotgan hamkorlarga birgalikda faoliyat olib borish imkonini beradi. Yana bir e’tiborli jihati, auksiondan tushgan pullar ana o‘sha infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni bartaraf etish uchun sarflanadi. Bu yerda “bitta o‘q bilan ikkita quyonni urish” ham ijtimoiy masalalar, ya’ni xalq manfaati, ham tadbirkorning masalalarini yechish ko‘zda tutilgan.
Tadbirkorlarni qiynayotgan ikkinchi masala infratuzilma. Shu paytgacha xorijdan kelib, 50 million dollardan oshiq bo‘lgan investitsiya kiritgan tadbirkorlarga infratuzilmani yetkazib berish davlat zimmasida edi. Bundan keyin 200 dan ortiq iqtisodiy zonalar yaratilar ekan, o‘zimizning tadbirkorlar, ichki investorlarimizga ham imkoniyat beriladi. Ya’ni shu paytgacha muammo bo‘lib kelayotgan elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa ta’minotlar rivojlanishi uchun yanada ko‘proq imkoniyat beriladi.
— O‘zLiDEP Toshkent shahar kengashi deputati sifatida ham faoliyat yuritib kelyapsiz. bugungi kunda poytaxt aholisi bilan tadbirkorlar o‘rtasida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi borasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu muammoni qanday yechish mumkin?
— Bu masalada o‘ziga yarasha ziddiyatlar mavjud. Ochig‘ini aytganda, men shu paytgacha ikkita “o‘t”ning orasida edim. Chunki bir tarafdan saylovchilarimning manfaatlarini himoya qilishim, ularning talablari, so‘rovlarini qondirishim kerak. Ikkinchi tarafdan men o‘zim ham tadbirkorman. Tadbirkorlarning yer masalasidagi, biror-bir korxona qurishdagi muammolari ichida yuribman. Ayni paytda arxitektura va kadastr tashkilotiga deputatlik so‘rovini tayyorlayapman. Uylarning atrofiga qurilishi ko‘zda tutilayotgan yangi imoratga aholi qarshilik bildiryapti. Yerning qonuniylik darajasini o‘rganish uchun ariza bilan tanishib chiqdim. Haqiqatdan ham bu juda dolzarb masala. Bir tomondan tadbirkorni ham xafa qilmaslik, ikkinchidan, aholining e’tirozlarini hisobga olish, menimcha masalaning qaysidir ma’noda yechimi, deb hisoblayman.
Kechagi uchrashuvdan so‘ng mutasaddilar yer ajratishda xushyorroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Agar qonuniylik buzilgan bo‘lsa, tadbirkorni jazolash emas, unga boshqa joydan yer ajratib tadbirkorligini davom ettirishiga yo‘l ochib berish kerak. Rejadagidan ko‘ra ikki-uch baravar ko‘p yer ajratiladigan bo‘lsa, xalq tilida aytganda six ham, kabob ham kuymaydi.
— Mamlakatimizda kambag‘allikka o‘rganib qolgan odamlar bor. Ularni bu holatdan chiqarish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
— Darhaqiqat, hozirgi kunda yurtimizda boqimandalik, degan masala mavjud. Aholining kambag‘al qatlami orasida ikki xil turdagi insonlar bor. Biriga imkoniyat berish, o‘zi biladigan sohasiga ishga joylashtirish kerak. Biror sohani o‘rganmagan bo‘lsa o‘rgatish va bu orqali oilasining farovonligini ta’minlashga turtki berish zarur. Bu amaliyot hozirgi kunda monomarkazlar tomonidan amalga oshirilyapti. Bunday odamlarga moliyaviy ko‘mak berilyapti, kreditlar ajratilmoqda. Lekin afsuski, spirtli ichimliklarga o‘rganib qolgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra soppa-sog‘ bo‘la turib ishlashni xohlamaydigan insonlar ham ko‘p. Ularga nimaga ishlamaysan, desangiz menga bir-ikki million oylik kamlik qiladi, degan javobni beradi. Vaholanki, besh-olti millionlik maosh uchun na uning iqtidori, na bilimi, salohiyati bor. Menimcha bundaylarga aravasini tortib ketishi uchun ma’lum muddatga yordam berish kerak. Agar shunda ham boqimandalik kayfiyatidan chiqib ketmasa, bunday odam e’tibordan chetda qoladi. Davlat sharoit yaratib berganidan keyin boqimandalik kayfiyatidagi odam ham ozgina harakat qilsa kambag‘allikdan chiqadi, bo‘lmasa yo‘q.
— O‘zingiz faoliyat yuritayotgan iqtisodiyot assambleyasining bugungi kundagi yutuqlari va galdagi vazifalari xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
— O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasining tuzilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Joriy yil boshida tuzildi. Shunga qaramay aniq bir yechim va muvaffaqiyatlarga erishdik. Xususan, mebelchilik sohasida juda katta muammolar mavjud edi. 300 mingga yaqin odam mebelchilik sohasidan non topadi. O‘zbekistonda mebel ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan xomashyoga juda katta soliq to‘lovlari joriy qilinardi. Bu bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bo‘lgan, ammo masala yechilmay kelgan. Assambleyamiz shu masalani olib chiqdi va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida yechim topdi.
Toshkent viloyati hududining 50 gektar yer maydonida mebel klasteri yaratish bo‘yicha birinchi qadamlar qo‘yildi. Prezident qaroriga asosan bu yerda 15 dan ortiq mebelsozlarimiz bir joyda erkin iqtisodiy zona tariqasida ishlab chiqargan mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilishi uchun imkoniyatlar yaratildi. Assambleyamiz qoshida 20 dan oshiq biznes uyushmalar birlashdik va mavjud muammolarni yechish bo‘yicha yuqori tashkilotlarga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.