Xalq murojaatlariga befarq rahbarlar ogohlantirildi
Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida Prezidentning Xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, shaxsiy hamda sayyor qabullarni samarali tashkil etish, murojaatlarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish va takroriy murojaatlar sonini kamaytirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi vaqtlarda ayrim sohalarda murojaatlar bilan ishlash tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ba’zi hududlarda bu boradagi kamchiliklar haligacha bartaraf etilmagan.

Muhokama davomida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ayrim rahbarlarning aholi murojaatlariga befarq munosabatda bo‘layotganini keskin tanqid qildi.
— Xalq qabulxonalari faoliyatini har hafta muhokama qilib kelyapmiz. Umuman olganda, ayrim tashkilotlarda vaziyat yaxshilanmoqda. Ammo ba’zi rahbarlar hali ham tegishli xulosa chiqarmagan. Iyun oyida Boyovut, Oqoltin, Sardoba, Sirdaryo, Xovos tumanlari hamda Yangiyer shahri hokimlari o‘rinbosarlari tomonidan 14 ta shaxsiy qabul asossiz ravishda o‘tkazilmagan. Buning oqibatida 8 nafar mas’ul intizomiy javobgarlikka tortildi, yana 6 nafarining ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. Bu barcha rahbarlar uchun jiddiy xulosa bo‘lishi kerak, — dedi viloyat hokimi.
Yig‘ilishda har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va muammosi turgani alohida ta’kidlandi. Shu bois murojaatlarga rasmiyatchilik nuqtai nazaridan emas, balki ularning asl sabablarini bartaraf etish va amaliy yechim topish tamoyili asosida yondashish zarurligi qayd etildi.

Tahlillar yakunlari bo‘yicha aholi murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy baholandi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar yana bir bor ogohlantirildi. Shuningdek, mas’ullarga shaxsiy va sayyor qabullar samaradorligini oshirish, murojaatlar ijrosini qat’iy nazoratga olish hamda takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda eng asosiy mezon sifatida xalq dardi bilan yashash, fuqarolar murojaatini o‘z vaqtida eshitish va ularning muammolariga amaliy yechim topish har bir davlat xizmatchisining ustuvor vazifasi ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, murojaatlarga loqayd munosabatda bo‘lgan, vazifasini vijdonan bajarmagan rahbarlarga nisbatan qonun doirasida murosasiz choralar ko‘rilishi qat’iy qayd etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri