Xalq dardi bilan yashaydigan jurnalist
Taniqli jurnalist Hulkar To‘ymanova – ta’lim, ijtimoiy hayotni teran anglaydigan, mudom xalq dardi, odamlarning o‘y-tashvishlari bilan yashaydigan faol jurnalist, mahoratli adiba.
Hulkar opani doim shogirdlari qurshovida yoki biron dolzarb mavzu ustida tinimsiz izlanib yurganini ko‘rish mumkin. Chin ijodkor aslida ham shunda bo‘lishi kerak emasmi!
Hulkar To‘ymanova 1962 yilning 14 avgustida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1980 yilda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olib, tuman “Istiqbol sari” gazetasida adabiy xodim bo‘lib faoliyat yuritgan.
1986 yilda o‘qishni tamomlab, “Yoshlar ovozi” gazetasida mehnat faoliyatini davom ettirgan. Keyinchalik Maorif vazirligi muassisligida chop etiladigan “O‘qituvchilar gazetasi” (hozirgi “Ma’rifat”) tahririyatida adabiy xodim lavozimiga ishga qabul qilinib, bu dargohda 2019 yil mart oyiga qadar mehnat qildi.
Jurnalist “Nuroniy”, “Keksalik gashti”, “Mahalla” gazetalarida ijod qildi.
Hulkar To‘ymanovaning tahliliy materiallari dolzarbligi, jamiyat hayotidagi muammolarni dadil olib chiqilgani, ushbu masalalar yechimiga keng jamoatchilik alohida e’tiborini qarata olgani bilan diqqatga sazovor.
Ijodkor 2021 yil fevral oyidan e’tiboran “Guliston” va “Teatr” jurnallari birlashgan tahririyatida ishlab kelmoqda.
2008 yili “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovida ustoz-shogird an’analariga bag‘ishlangan turkum maqolalari uchun bosma nashrlar bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Hulkar To‘ymanovaning ko‘p yillik samarali mehnatlari yuksak qadrlanib, 2009 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
2012 yil uning “Xislat” rukni ostidagi turkum maqolalari “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofotida bosma nashrlar bo‘yicha uchinchi o‘ringa munosib topildi. Hulkar opa “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida badiiy adabiyot va publitsistika yo‘nalishida bir necha kitoblari nashr etilgan. “Changda qolgan gul”, “Yaxshi tilaklarga beshikdir dunyo”, “Asal oyi”, ”Yeru osmon o‘rtasida”, “O‘zbekona xislat” shular jumlasidan.
Ijodkor jamiyatdagi muammolarning ildizini, asl mohiyatini, kishilik munosabatlaridagi ko‘zga ko‘rinmas nozik jihatlarni, qahramonlarining ichki dunyosini katta mahorat, teran psixologik tahlil asosida ochib berishi e’tiborga molik.
"Yangi O‘zbekiston", "Xalq so‘zi", "Ishonch", "Hurriyat", "Vatanparvar", "Saodat", "Guliston" nashrlarida Hulkar opaning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi dolzarb maqolalari muntazam ravishda chop etilmoqda.
Yoshlarga ibrat bo‘lishga arzigulik tinib-tinchimas, jonkuyar ijodkor Hulkar opamizga ilhom zavqi, ijod va izlanishdan to‘xtamaslikni tilab qolamiz!
N.Usmonova, O‘zA