Xalq bilan hamnafas
Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etilganligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda gazetalar tahririyati vakillari, samarqandlik jurnalistlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etib, davlatimiz mustaqilligi tengdoshi bo‘lgan “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosib o‘tgan yo‘l va ayni paytda parlament nashri sifatida uning jamiyatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, mushtariylarni tezkor va xolis axborotlar bilan ta’minlashdagi roli haqida so‘z yuritdilar.
– Vatanimizning mustaqillikka erishishi, dastlabki yillardagi islohotlar jarayonlari, xalqimiz ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar gazetalarimiz sahifalarida keng yoritib borilgan va bu materiallar bugun yurtimiz yaqin tarixining qimmatli manbasi hisoblanadi, – dedi “Xalq so‘zi” gazetasi bo‘lim mudiri Said Rahmonov. – Shuning uchun ham bugun dunyoda internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ommalashib, an’anaviy bosma nashrlarning taqdiri ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygan bir paytda hech ikkilanmay aytish mumkinki, gazeta va jurnallar tarixni o‘zida aks ettirishi bilan doim zarur va keraklidir. Lekin zamon talabidan kelib chiqib, xalq bilan hamnafas bo‘lib, biz ham gazetalarimizni bosma nashr qilish bilan birga uning elektron sahifalarini yurityapmiz. O‘z saytimizni, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni tashkil qilib, nafaqat yozma, balki audio, videomateriallar ham berib boryapmiz. Bugungi kunda nashrlarimizning elektron shaklini kuzatuvchilar ham yildan yilga ko‘paymoqda.
Uchrashuvda gazetalar tahririyatining 35 yillik faoliyati haqidagi videolavha namoyish etildi. Samarqandlik ijodkorlar, o‘qituvchilar “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
[gallery-32178]
– “Xalq so‘zi” o‘tgan asr to‘qsoninchi yillarida yurtimizda mustaqillik sari harakat boshlangan, ijodkorlarning erkin fikr, erkin so‘zi baralla yangray boshlagan bir paytda xalqning chinakam ovoziga aylanishi uchun tashkil etilgan gazeta, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. – Va o‘tgan davr mobaynida nashr bu ishonchni oqladi, xalqimiz uchun, jurnalistlar uchun erkin minbar vazifasini o‘tadi. Gazetalar sahifalarida yurtimiz hayotiga doir rasmiy xabar va maqolalar berilishi bilan birga dolzarb muammolar, xalqni o‘ylantirayotgan masalalar ham ko‘tarib chiqildiki, buning natijasida o‘sha muammolarga yechim topildi, xalqning mushkuli oson bo‘ldi. Bugungi kunda ikkala gazeta ham parlamentimiz nashri sifatida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi faoliyati, qonun ijodkorligi jarayonlaridan xalqimizni voqif etmoqda.
Tadbirda samarqandlik bir guruh ijodkorlar, tahririyat hamkorlariga gazetalarning 35 yilligi munosabati bilan “35 yil xalq bilan hamnafas” esdalik nishoni topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari