Xalq bilan hamnafas nashrlar
Mamlakatimiz matbuotida o‘ziga xos o‘ringa ega “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etilganiga 35 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida mazkur nashrlar jamiyat hayotidagi muhim voqealar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbek va rus tillarida chop etiladigan ushbu gazetalar sahifalarida mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga oid yangiliklar, dolzarb masalalar hamda turli sohalardagi ilg‘or tajribalar muntazam yoritilmoqda.
Gazetalarning 35 yilligi munosabati bilan Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, mahalla faollari, mushtariylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, nashrlarning bosib o‘tgan yo‘li, milliy matbuot rivojidagi o‘rni va bugungi faoliyati xususida fikr almashdi.
[gallery-32083]
Tadbirda “Xalq so‘zi” gazetasi sharhlovchisi Abdunabi Aliqulov jurnalist faoliyatida xolislik, haqqoniylik va mas’uliyatning ahamiyati, matbuotning dolzarb masalalarni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqish hamda ularning yechimiga ko‘maklashishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv yakunida tahririyat bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan, gazetalar faoliyatini keng targ‘ib etishga hissa qo‘shayotgan faollarga ko‘krak nishonlari topshirildi.
Mazkur tadbir milliy matbuot an’analarini davom ettirish, jurnalistlar va mushtariylar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA