“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi – yoshlar ko‘makchisi
Andijon davlat pedagogika institutida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda deputatlar, partiya faollari, institut professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati Xurshidaxon Xalilova va boshqalar bugungi kunda yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.
Ushbu dastur jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, aholi muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yechim topishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-28687]
Tadbirda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi slayd va videoroliklar orqali yoritilib, uning asosiy maqsadi – xalq manfaatlarini himoya qilish, odamlar dardiga quloq tutish, ularning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash ekanligi alohida aytib o‘tildi. Jumladan, dastur doirasida amalga oshirilayotgan, ayniqsa, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgani ishlar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbirda O’zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi departamenti rahbari Sardor Maripov dasturning mazmun-mohiyati, dastur ijrosi doirasida partiya tomonidan amalga oshirilayotgan “Yurakka yo‘l” aksiyasi, “Ishbilarmon ayol”, “Xavfsiz migratsiya”, “Farovon hayot sari” kabi qator loyihalar xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga xizmat qilayotganligini aytib o‘tdi.
“Xalq bilan birga” dasturi yoshlar uchun nafaqat ijtimoiy-siyosiy tashabbus, balki o‘z imkoniyatlarini namoyon qilish, jamiyat hayotida faol qatnashish va o‘z kelajagini barpo etish uchun muhim imkoniyat ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida bir guruh faol talaba yoshlar, ustoz va murabbiylar partiya a’zoligiga qabul qilinib, “Xalq bilan birga” g‘oyalarini amalga oshirishda faol ishtirok etish yuzasidan o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.