“Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon”
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatanparvarlik oyligi doirasida Andijon viloyatidagi harbiy qism, ta’lim muassasalari hamda mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy xizmatchilarga bo‘lgan hurmat hamda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini namoyish etishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Milliy gvardiya Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasida bo‘lib o‘tdi.

“Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” shiori ostida o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi faxriylar kengashi a’zolari, iste’fodagi harbiy xizmatchilar, Milliy gvardiya askarlari, ikki karra olimpiada chempioni Hasanboy Do‘stmatov hamda talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi haqida so‘z bordi. Faxriy harbiylar kasb mas’uliyati, mashaqqati xususida gapirib, o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, xizmat davridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlarni yurtga fidoyi, faol va vatanparvar bo‘lishga chaqirdi.

Milliy gvardiya xizmatchisi, ikki karra olimpiada va jahon chempioni, podpolkovnik Hasanboy Do‘stmatov tadbir ishtirokchilariga boksda erishgan yutuqlari, hamisha ringga yurt sha’ni va shuhratini yuksaklarga ko‘tarish uchun chiqishi haqida gapirdi.

Olimpiada chempioni askarlar hamda yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Chempionga Milliy gvardiya viloyat boshqarmasining tashakkurnomasi topshirildi.
Andijon shahar Pedagogika kollejida “O‘zbekiston mustaqil Vatanim, milliy armiyam – faxrim, g‘ururim!” mavzusida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda o‘quvchi yoshlar hamda Andijon shahridagi harbiy qism askarlari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda askarlar o‘quvchilarga harbiylar hayoti, jangovar salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, harbiy kasb mas’uliyati haqida gapirib berdi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Kollej o‘quvchilari Vatan himoyachilari, faxriy harbiylar hayoti va faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
O‘quvchilar harbiylarni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etib, o‘zlarining badiiy dasturini namoyish etdi.
Yoshlarda unutilmas taassurot qoldirayotgan bu kabi tadbirlar ularning qalbida Vatan himoyachilariga, ona yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari