Xabar qiling va mukofot puliga ega bo‘ling!
Yangi qaror
Ko‘pchiligimiz haydovchimiz. Ba’zan shoshib, ba’zida e’tiborsizlik natijasida yo‘l harakati qoidalarini buzamiz. Bu to‘g‘rida foto-videoga olib xabar berganlarni qoralaymiz, yoqtirmaymiz. Aslida esa ular to‘g‘ri qilishadi. Chunki hayotda qonun-qoida, tartib-intizomga bo‘ysunib yashashga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga o‘rganishimiz lozim.
Endilikda esa ana shunday fidoyi insonlarning ko‘magida ekologiyaning tozaligini, necha ming yillar davomida saqlanib kelayotgan madaniy meros binolarimizning buzilib ketmasligini saqlashimiz mumkin.
2022 yil 7 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha foto va video materiallar “Ekonazorat” axborot tizimi orqali Davlat ekologiya qo‘mitasiga yuborilishi kerak.
Shuningdek, qarorga binoan, moddiy madaniy meros ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar buzilishi haqidagi foto yoki video materiallar “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali Madaniy meros agentligiga yuboriladi.
Materialda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
madaniy meros ob’ektining nomi (tegishli huquqbuzarlik bo‘yicha);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.
Kelib tushgan foto va video materiallar 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. IIV materiallarni ko‘rib chiqadi, huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi va 10 ish kuni mobaynida tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboradi.
Huquqbuzarliklar aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar:
– daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 mingso‘m) miqdorida;
– ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik bo‘yicha–huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
– moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ona tabiatni va madaniy meros inshootlarini muhofaza qilish har bir fuqaroning burchidir. Bu ezgu ishga hissa qo‘shing.
Iroda Qahhorova,
huquqshunos.
O‘zA