Abduqodir Husanov eng qimmat futbolchilar ro‘yxatida birinchi
Futbolchilarning transfer qiymatini baholash bilan shug‘ullanuvchi «Transfermarkt» portali Angliya Premer-ligasida to‘p surayotgan MDH davlatlari vakillari orasida eng qimmat futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer qiymati 50 million yevro etib baholangan. Shu tariqa, hamyurtimiz MDH davlatlari vakillari orasida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.
Reytingda ikkinchi pog‘onadan «Brentford» yarim himoyachisi, Ukraina terma jamoasi a’zosi Yegor Yarmolyuk joy olgan. Uning ayni paytdagi transfer qiymati 32 million yevroни tashkil etmoqda. Kuchli uchlikka esa Gruziya milliy terma jamoasi darvozaboni, «Liverpul» klubi futbolchisi Georgi Mamardashvili yakun yasagan. Uning transfer qiymati 28 million yevroga baholangan.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov 2025-yil yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga 40 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan. O‘zbekistonlik himoyachi manchesterliklar safida o‘tgan mavsumda Angliya kubogi va Angliya Liga kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Premer-ligasining joriy yilgi mavsumida «Manchester Siti» o‘tgan beshta turda yuz foizlik natija bilan 15 ochko to‘plab, jadvalda karvonboshilik qilmoqda. Jamoa navbatdagi uchrashuvini 11-oktabr kuni safarda «Liverpul» klubiga qarshi o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA