Ko‘rinmas qotil: Bemorlarning yarmidan ko‘pi xastaligidan bexabar
Angliyada 1,4 millionga yaqin kishi bilan o‘tkazilgan tadqiqot katta yoshdagilarning uchdan birida qon bosimi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Eng tashvishli jihati, ularning 59 foizi shu holatdan bexabarligi uchun davolanmayapti.
Oksford universiteti olimlari 2022-2025-yillarda to‘plangan tibbiy ma’lumotni tahlil qildi. Natijaga ko‘ra, qon bosimi yuqori 18-39 yoshdagilarning 15 foizida, 80 yoshdan oshganlarning esa 71 foizida kuzatilgan. Yosh guruhlari bo‘yicha hisob-kitob qilinganda, ayni ko‘rsatkich erkaklarda 42, ayollarda 29 foizni tashkil etgan. Davolanayotganlarning ham yarmida qon bosimi me’yoriy darajaga tushmagan.
Mutaxassislar yuqori qon bosimi yurak xuruji va insultning asosiy xavf omili ekanini ta’kidlamoqda. Buyuk Britaniya Yurak jamg‘armasi ma’lumotida mamlakatdagi yurak xuruji va insult holatlarining taxminan yarmi qon bosimi ko‘tarilishi bilan bog‘liqligi keltirilgan. Izlanuvchilari xatarni erta aniqlash chorasini kuchaytirish, jumladan 40 yoshgacha bo‘lgan aholini ham muntazam tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA