Ta’limdagi uzviylik – inson kapitalini rivojlantirishning muhim sharti
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 3-oktabrdagi farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Talim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Farmon bilan joriy etilayotgan o‘zgarishni, nazarimda, oddiy tashkiliy o‘zgarish sifatida emas, ta’lim siyosatini ana shu yaxlitlik asosida tashkil etishga qaratilgan yangi yondashuv sifatida baholash lozim.
Farmonda maktabgacha ta’lim va tarbiyadan boshlab umumiy o‘rta, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, qo‘shimcha hamda norasmiy ta’limgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini amalga oshirish belgilangan.
Aytib o‘tish kerakki, ta’lim inson hayotining muayyan bosqichi bilan cheklanmaydi. Bog‘chada shakllana boshlagan qobiliyat maktabda rivojlanadi, kasbiy yoki oliy ta’limda muayyan mutaxassislikka yo‘naladi, ilm-fan va amaliyot bilan uyg‘unlashganda esa jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan intellektual salohiyatga aylanadi. Shu bois ta’limning har bir bo‘g‘inida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi, avvalo, ularning o‘zaro qanchalik uzviy bog‘langaniga bog‘liq.
Farmondagi e’tiborli jihat shundaki, ta’lim bosqichlari shunchaki bitta vazirlik tasarrufiga o‘tayotgani yo‘q. Farmonning o‘zida maktab ta’limini kasbiy va oliy ta’lim bilan, oliy ta’limni esa ilm-fan bilan yaqin integratsiya qilish maqsadi alohida belgilangan.
Demak, bolaning bog‘chadan boshlangan ta’lim yo‘li keyingi bosqichlarda uzilib qolmaydigan, har bir bosqich keyingisi uchun mustahkam zamin yaratadigan tizimni shakllantirish asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.
Bu yondashuvning amaliy ahamiyati katta. Maktab qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bitiruvchini tayyorlashi kerakligini kasbiy va oliy ta’lim ehtiyojlaridan ajratgan holda belgilab bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek, oliy ta’lim dasturlari ham ilm-fan, texnologiya va mehnat bozoridagi o‘zgarishlardan ortda qolmasligi kerak. Shu ma’noda, ta’limning barcha bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash oxir-oqibat bitiruvchining sifatida namoyon bo‘ladi.
Islohotning yana bir muhim jihati – ta’limni mehnat bozori va jamiyat ehtiyojlariga yaqinlashtirish. Oliy ta’limda davlat aralashuvini qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish, nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish va sog‘lom raqobatni kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar ham aynan sifatni rag‘batlantiruvchi muhitni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilayotgani, unga soha mutaxassislari, olimlar, tadbirkorlar va xalqaro ekspertlar jalb qilinishi ham islohotga kengroq yondashilayotganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, yangi vazirlikning tashkil etilishi idoralarni birlashtirishdan ko‘ra kengroq mazmunga ega. Gap ta’limning turli bosqichlarini yagona strategik maqsad atrofida birlashtirish, boshqaruvni natijaga yo‘naltirish va inson kapitalini rivojlantirishning uzluksiz mexanizmini yaratish haqida bormoqda. Farmonda yangi vazirlik faoliyatini aynan natijadorlikka yo‘naltirilgan va samarali boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish vazifasi qo‘yilgani ham buning tasdig‘idir.
Zero, ta’limdagi haqiqiy uzviylik – bog‘chada boshlangan tarbiyaning maktabda bilimga, kasbiy va oliy ta’limda malakaga, ilm-fanda yangi g‘oyaga, iqtisodiyotda esa amaliy natijaga aylanishidir. Ana shunday yaxlit tizimgina zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan va raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA