Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari nimada?
Huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi sabablar va omillar muammosi har qanday kriminologik tadqiqotda u yoki bu tarzda ko‘rib chiqiladi, chunki u kriminologiyaning muhim muammolaridan biridir. Uni ilmiy o‘rganish nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega.
Jinoyat sabablari nima-yu, uning omillari deganda nimani tushunish lozim, degan masala bizning kriminologik adabiyotlarimizda, afsuski, hanuzgacha aniq hal qilinmagan. Aksariyat hollarda bu tushunchalar adashtiriladi yoki bir-biriga tenglashtiriladi. Aytilgan holatlar voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining sabablari va omillari muammosiga ham taalluqli. Ushbu masalaga nisbatan har xil yondashuvlar mavjud.
Ayrim olimlar voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari jumlasiga quyidagilarni kiritadi: yashash, o‘qish yoki ish joyidagi muhitning salbiy ta’siri; o‘qishni tashlab ketgan o‘smirlar uzoq vaqt muayyan ish bilan shug‘ullanmasligi; o‘smirning noto‘g‘ri tarbiyalanishini belgilovchi shart-sharoit omillari; yoshi katta jinoyatchilarning dalolatchiligi; zo‘ravonlik va qonunsizlikni ifodalovchi kitoblar va filmlar ta’siri. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining omillari sifatida quyidagilar qayd etiladi: nazoratsizlik; umumiy ta’lim maktablari va kollejlarda ta’lim-tarbiya ishlarida mavjud kamchiliklar; ishga joylashtirishda hamda ishlab chiqarishda tarbiya ishlarini tashkil etishda mavjud kamchiliklar; madaniy hordiq chiqarishni tashkil etishdagi kamchiliklar; voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining oldini olish hamda unga qarshi bevosita kurash olib borish vazifalari zimmasiga yuklangan organlar faoliyatidagi kamchiliklar.
Ayrimlar voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari qatoriga quyidagilarni kiritadi: o‘smirning kayfiyati va ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi hayotdagi muvaffaqiyatsizliklar; ma’naviy va axloqiy mo‘ljallarning beqarorligi; shaxslar jinoiy guruhi bilan yaqin aloqada bo‘lish yoki muayyan sharoitda ular o‘smirga salbiy ta’sir ko‘rsatishi; ruhiyatining ayrim xususiyatlari; oila yoki jamoadagi noqulay shart-sharoitlar.
Bundan tashqari voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan turli-xil xuquqbuzarliklarga birinchi navbatda, usha shaxsda huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyatning yetishmasligi ham sababdir. Huquqiy ongi, tarbiyasi va huquqiy madaniyati yetuk bulmagan voyaga yetmagan shaxs jamiyatda amalga oshirayotgan ayrim salbiy harakatlarni huquqbuzarlik ekanligini tushunmaydi. Masalan, voyaga yetmagan o‘smir mayda o‘g‘irlik huquqbuzarlik ekanligini, buning oqibatida javobgarlik masalasi borligini huquqiy ongi huquqiy madaniyati yetishmasligi va huquqiy tarbiyaga ega emasligi uchun bilmaydi. Natijada anashunday mayda huquqbuzarliklar urnini katta jinoyatlar egallaydi.
Shuning uchun jamiyatimizda ruy berayotgan huquqiy o‘zgarishlar va huquqiy tarbiya bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar yoshlarga o‘z vaqtida yetib borishi kerak. Yani, yoshlar jinoyat sodir etgandan keyin emas, balki shaxsning jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida bu borada ko‘plab malumotga ega bulishi lozim. Sir emaski, o‘smirlar bu boradagi jinoiy javobgarlik, jazo choralari to‘g‘risidagi malumotlarni faqat jinoyat sodir etganlaridan keyingina huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlaridan eshitib, tushinib olishadi.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi kattalar jinoyatchiligi bilan bir xil sabablarga ega, biroq ularning yoshlar va voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga ta’sir ko‘rsatish mexanizmi ancha farq qiladi. Bu sabablar shaxsning shakllanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur tarbiya tashkiliy va stixiyali jihatlarni, tarbiya hamda tegishli ijtimoiy amaliyot ta’sirini o‘z ichiga oladi.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sharoiti deganda ular sodir etadigan jinoyatlarning paydo bo‘lishi, o‘zgarishi yoki barham topishi bilan bog‘liq omillar yig‘indisi tushiniladi. Mazkur sharoit hisoblanuvchi imkoniyatlarning ( omillarning) haqiatga aylanishini ta’minlovchi, ya’ni oqibatni keltirib chiqaruvchi element sabab hisoblanadi.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi, huquqbuzarligini aniqlashda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy strukturasi, mazkur strukturani keltirib chiqaradigan aloqa va munosabatlar bilan birga jamiyatning axloqiy – tarbiyaviy muhiti, voyaga yetmaganlar ijtimoiy – ruhiy holatining o‘ziga xosliklari alohida e’tiborga olinishi mumkin.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini o‘rganishda sharoit va sabablarni o‘rganishda mikromuhitning roliga ham e’tibor qaratish lozimdir. Mikromuhitni o‘rganishning muhimligi shundaki, har bir o‘smir o‘zi yashayotgan makon mikromuhitida shakillanadi.
Mikromuhit doirasiga oila, tanish – bilishlar, qo‘shnilar, o‘rtoqlar, ish joyi, kabilar kirib, ular voyaga yetmagan o‘smirlarning shaxs sifatida shakillanishining eng muhim faktori hisoblanadi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sharoit va sabablarini aniqlashda shaxsning genetik xususiyatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Genetik xususiyatlar hech qachon voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sababi bo‘lmasa-da, lekin kriminogen mikromuhitda o‘smirdagi yomon sifatlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keltiradi.
Umumiy olib qaraganda, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari katta yoshdagilar jinoyatchiligiga ta’sir qiladigan sabablar hisoblanadi.
Kriminologik olimlar voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari sifatida qo‘yidagi holatlarni ko‘rsatib o‘tadilar: oiladagi va turmishdagi salbiy ta’sirlar; nosog‘lom turmish tarzi; yomon xulqli shaxslar bilan aloqada bo‘lish; o‘qimaydigan voyaga yetmaydiganlarning o‘zoq vaqt mobaynida muayyan foydali mashg‘ulot bilan shug‘illanmaganligi; o‘smirning noto‘g‘ri qabul qilishga sabab bo‘ladigan xolatlarning voyaga yetmagan shaxsida juda qiyin kechishi; katta yoshdagi jinoyatchilar tomonidan huquqbuzarliklarga va turli g‘ayriijtimoiy xatti- harakatlarga jalb qilinishi; zo‘rlik ishlatishlar yozilgan turli kitob va videofilmlarning ta’siri; hayotdagi omadsizliklar va axloqiy e’tiqodlarning turg‘un emasligi; ruhiy holatdagi ayrim sifatlar; ayrim harakatlarga nisbatan romantik qarashlar va shunday harakatlarni sodir etishga moyillikning kuchayishidir.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining boshqa sabablariga bolaning kayfiyati va ruhiy holatiga ta’sir qiladigan va muayyan iz qoldiradigan hayotdagi omadsizlik; ahloqiy va etik e’tiqodlarining turg‘un emasligi, jinoiy guruhlar bilan bevosita aloqada bo‘lish yoki muayyan sharoitlarda bunday guruh a’zolarining bolaga ta’siri, ruhiy holatdagi ayrim sifatlar, ayrim harakatlarga nisbatan romantik qarashlar va shunday harakatlarning sodir etishga moyillikning kuchayishi kabilarni aytish mumkin. O‘smirlar tomonidan sodir etiladigan huquq bo‘zishlarning sabablari oiladagi, turmushdagi, jamoadagi nosog‘lom muhit kabilar bo‘lishi mumkin. Lekin bunday holatlar bolaga huquq bo‘zishlarning sababi sifatida faqat muayyan sharoitlardagina ta’sir qilishi mumkin, ya’ni voyaga yetmaganlarning irodasi bo‘sh yoxud o‘z ijtimoiy-etik harakatlarini nazorat qilolmasligi mumkin.
Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari katta yoshdagilar jinoyatchiligiga ta’sir qiladigan sabablar hisoblanadi. Ammo bu sabablar voyaga yetmaganlar shaxsiga ta’sir qilish mexanizmi bilan farq qiladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu sabablar voyaga yetmaganlarning shaxs sifatida shakllanishining g‘oyat muhim bosqichida ta’sir qiladi. Bunday shakllanish tashkiliy va stixiyali bo‘ladi. Bular tarbiyalash va muayyan ijtimoiy amaliyot ta’siridan iboratdir.
O‘razaliyev Murodbek Korayevich
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi professori, yu.f.d.