Volontyorlar safini kengaytiruvchi muhim kelishuvga erishildi
Bugungi kunda volontyorlik nafaqat jamoat ishlarida faol ishtirok etish, balki jamiyatda mehr-oqibat, birdamlik va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlaydigan muhim harakatga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda volontyorlikning o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu ma’noda Milliy gvardiya va O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Poytaxtda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, volontyorlik harakatini yanada rivojlantirish hamda fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov hamda O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi direktori Shirin Abidova o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuv davomida Yangi O‘zbekiston yoshlarini yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, fuqarolik mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, volontyorlik faoliyatini keng targ‘ib qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, jamoat xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida volontyorlik sohasiga oid istiqbolli loyihalar va tashabbuslar taqdimoti ham o‘tkazilib, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur memorandum ikki tomonning yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy faollikni oshirish va jamiyatda volontyorlik madaniyatini mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA