Voleybolchi qizlar taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Avval xabar qilinganidek, voleybol bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan XXX O‘zbekiston chempionati V tur Pley-off o‘yinlarida Namangan davlat universitetining voleybol jamoasi 2-o‘rinni egallab, kumush medal sovrindoriga aylandi.
Namangan davlat universitetida chempionat g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa g‘olibi bo‘lish, yuraklarga g‘urur bag‘ishlaydi. Ko‘ksiga g‘oliblik medali taqilayotgan lahzalarda sportchining mashg‘ulotlardagi tinimsiz mehnat va mashaqqatlari unut bo‘ladi. Yuzlaridagi quvonch vujudlardagi shijoatni yanada oshiradi. Albatta, g‘oliblik sportchi uchun chegara emas. U ayni daqiqalarda yanada yuksak marralarni ko‘zlaydi.
[gallery-14340]
Quvonarlisi, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor tufayli yurtimiz yoshlarining sohadagi yutuqlari salmog‘i ham ortib bormoqda.
Marosimda universitet rektori Sobitxon Turg‘unov so‘z olib, jamoa a’zolarini yuksak g‘alaba bilan qutladi. Talabalarning sport sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlarini e’tirof etish bilan birga, voleybolchi qizlar g‘alabasi universitet tarixida ilk bor qayd etilgan yuksak natija ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Rektor jamoaning har bir a’zosi hamda murabbiylarga faxriy yorliq va 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlarini topshirdi.
Bunday e’tibor va rag‘bat sportchi yoshlarni yanada yuksak marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA