Voleybol: O‘zbekiston kubogi Farg‘onaga yo‘l oldi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida voleybol bo‘yicha U18 yosh toifasida o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari Farg‘ona viloyati jamoalari uchun har jihatdan muvaffaqiyatli kechdi.
Olti kunlik shiddatli va murosasiz o‘yinlar nafaqat g‘olib va sovrindor jamoalarni aniqlab berdi, balki bir qator iste’dodli yosh voleybolchilarni kashf etganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston kubogining so‘nggi kunida qiz bolalar jamoalari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati qizlar jamoalari final o‘yinida ro‘baro‘ keldi.
Qiziqarli kechgan o‘yinda farg‘onalik voleybolchi qizlar qoraqalpog‘istonlik tengqurlarini 3:1 hisobida yengib, kubok sohibiga aylandi.
3-o‘rin uchun o‘tkazilgan o‘yinda Toshkent va Namangan viloyatlari jamoalari to‘qnash keldi. Ushbu uchrashuv murosasizligi bilan ajralib turdi. Bu o‘yin natijasida ham o‘z aksini topdi. Bahsda Toshkent viloyati jamoasi namanganlik voleybolchi qizlarni 3:2 hisobida dog‘da qoldirib, bronza medallari bilan taqdirlandi.
[gallery-30956]
O‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasidagi final o‘yinida Andijon jamoasi Farg‘ona viloyati vakillariga munosib qarshilik ko‘rsatdi.
Biroq, uchrashuvda qat’iyatli o‘yin namoyish etgan farg‘onaliklar 3:1 ko‘rinishida ustunlikka erishib, kubok sohibiga aylandi.
3-o‘rin uchun kechgan kurashda esa Navoiy viloyati jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi voleybolchilarini 3:2 ko‘rinishida yengdi va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda daxldor tashkilotlar tomonidan medal, diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (suratlar), O‘zA