“Voice UP” – g‘oyalar, imkoniyat va natijalar maydoni
Andijon viloyati hokimligi, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamkorligida Andijon viloyatida “Fikringni ber!” shiori ostida tashkil etilgan “Voice UP” inklyuziv yoshlar oromgohi yakuniga yetdi.
Bir necha kun davom etgan mazkur oromgoh faoliyati doirasida turli hududlardan kelgan yoshlar bir maydonda jam bo‘lib, o‘zaro fikr almashish, tajriba orttirish hamda dolzarb ijtimoiy muammolarga yechim topishga qaratilgan loyihalar ustida ish olib bordi.


Oromgohning asosiy maqsadi, faol va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Nazira Ubaydullayeva. – Qolaversa, yoshlarning fikrlarini eshitish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv jamiyatni barpo etishga qaratilgan g‘oyalarni rivojlantirishdan iboratdir.
Uch kun davom etgan oromgoh faoliyati mobaynida 50 nafar ishtirokchi uchun treninglar, mahorat darslari, ochiq muloqotlar hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mutaxassislar, trenerlar tomonidan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamoa bilan ishlash, loyiha ishlab chiqish va uni samarali taqdim etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bolalar huquqlari, teng imkoniyatlar yaratish va inklyuziv muhitni shakllantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.


Yakuniy bosqichda ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan ijtimoiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur taqdimotlarda yoshlar o‘z g‘oyalari orqali jamiyatdagi muammolarga innovatsion yondashuvlarni ilgari surdi. Eng dolzarb va muhim ahamiyatga ega loyihalar mutaxassislar tomonidan yuqori baholanib, kelgusida ularni amalga oshirish bo‘yicha taklif, tavsiya, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yakunida oromgohda o‘tkazilgan tadbir va amaliy mashg‘ulotlarda faol bo‘lgan bir guruh yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
“Voice UP” inklyuziv yoshlar oromgohi yoshlarning fikrini erkin ifoda etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.