Vinisius Junior "Real" bilan shartnomani uzaytiradi: yangi kelishuv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Vinisius Juniorning "Real" bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan edi.
Madridning "Real" klubi va jamoaning braziliyalik yulduzi Vinisius Junior hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishdi. Yaqin orada tomonlar yangi shartnomani rasman imzolashadi.
Jurnalist Ramon Alvares de Mon va Cadena SER nashrining xabar berishicha, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv muzokaralarda asosiy burilish nuqtasi bo‘lgan. Unda "qaymoqranglilar" 26 yoshli vingerga yiliga 24 million yevro maosh va bonuslar taklif qilishdi. Ushbu shartlar futbolchini to‘la qoniqtirdi va uzoq davom etgan muzokaralar ijobiy yakun topdi.
Avvalroq Madrid klubi futbolchiga 22 million yevro atrofida maosh taklif qilgani va bu o‘yinchini qoniqtirmagani xabar qilingandi. Vujudga kelgan noaniqlik va vaziyatdan Londonning "Arsenal" klubi foydalanib qolishni ko‘zlab, braziliyalik hujumchini o‘z transfer nishoniga aylantirgan edi.
Vinisius Juniorning "Real" bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan edi.