Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashdi
Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax shahridagi “Dyeya” korxonasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbir avvalida viloyat rahbari “Dyeya” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Korxonadagi ish jarayoni, ishlab chiqarish imkoniyatlari va kelajakdagi rejalari haqida unga atroflicha ma’lumot berishdi.
Shundan so‘ng mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqot o‘tkazdi, ularning murojaatlariga quloq tutdi, fikr va mulohazalarini tingladi.
Mazkur tadbir davomida mahalliy ish beruvchilar o‘z faoliyatidagi dolzarb masalalar, duch kelayotgan muammolarni viloyat rahbariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkoniyati yaratib berilganidan mamnun ekanini ta’kidladi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda mahalliy sarmoyadorlar viloyatni har tomonlama rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash hamda ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha o‘z tashabbus va takliflarini bildirdi.
Ulug‘bek Mustafoyev uchrashuvda ko‘tarilgan muammolarni o‘rganib, ularni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini, Jizzax viloyati iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida ishbilarmon doira vakillarining o‘rni benihoya katta ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
[gallery-21989]
Mahalliy ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan muloqot yakunida bunday uchrashuvlar har oyda muntazam o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Mahalliy tadbirkorlarning fikriga ko‘ra, bunday uchrashuvlar ularning faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va viloyat iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shish uchun muhim ahamiyatga egadir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari