Viloyat infratuzilmasiga e’tibor
Namangan viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomov hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida Chortoq tumanida o‘rganishlar olib bordi. U dastavval tuman hokimi va tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan kelgusi vazifalarni belgilab oldi.
– Iqtisodiyot tayanchi hisoblangan soliqlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini muhofazalashda alohida ahamiyatga ega, – deydi viloyat to‘rtinchi sektor rahbari muloqot chog‘ida. – Shuning uchun tushumlarni nazorat qilishga davlat boshqaruvi idoralari tomonidan e’tibor qaratilib, kunlik tahlillar olib borilishi lozim. “Chortoq Farg‘ona mirishkori” va “Turg‘unboy Jo‘ravoy Munavvar” fermer xo‘jaliklarida ipak qurtini parvarishlash jarayonlari bilan tanishuvlar qizg‘in kechdi. Bu yilgi mavsumda Chortoqda yetishtiriladigan 238 tonna pilla hosilining 185 tonnasi fermer xo‘jaliklari tomonidan tayyorlanadi. Hozirda har ikki fermer xo‘jaligida 20 qutidan ipak qurti parvarishlanmoqda.
Viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i tumandagi o‘rganishlari davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Yetti xazinaning biri bo‘lgan parrandachilik orqali endilikda daromadli biznes sifatida aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ishsizlar sonini kamaytirish bilan ko‘plab amaliy natijalarga erishilmoqda. Buni “Chortoq sohil mazali jo‘jalari” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Xo‘jalikda ayni paytda 22 ming bosh broyler jo‘jalari boqilmoqda. Buning natijasida esa sakkiz kishi doimiy ish bilan band. Chortoq tumanidagi Keskanyor mahallasida 2 ming 742 aholi bo‘lib, 36 gektar tomorqaga ega. Qaysi xonadonga kirmang, qo‘shimcha daromad topish uchun qilinayotgan amaliy harakatlarga guvoh bo‘lasiz. Viloyat to‘rtinchi sektor rahbari tuman hokimi, mahalla mas’ullari hamrohligida ana shunday omilkor xonadonlarda bo‘ldi. Xususan, “Dilxiroj” ko‘chasida yashovchi Nosirjon Yusupov tomorqa va uy xo‘jaligi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hadisini olgan. Chorva hayvonlari, parranda, issiqxonadan olinayotgan daromad ham shunga yarasha.
Tohirjon Hasanov xonadonidagi issiqxonada esa yetishtirilayotgan kartoshka yaqin kunlarda bozorga chiqariladi. Pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘katlar ham yetilgan. Shuhratali Imomov aholi tomorqalaridan foydalanish holati bilan tanishish jarayonida “Chortoq agroservis” mashina traktor parkida bo‘ldi. Bu yerda o‘rim kombaynlarini mavsumga tayyorlash borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘rimda qatnashadigan 10 ta kombaynni soz holatga keltirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida “Chortoqsoy” bo‘ylab ekoyo‘lakka monand ravishda turli manzarali ko‘chatlar o‘tqazilmoqda.
[gallery-17215]
“Yashil makon” umummilliy loyihasiga hissa qo‘shish maqsadida Namangan viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomov va Chortoq tuman hokimi Ilhomjon Sattorov, shuningdek, tuman sektor rahbarlari yaxshi niyatlar bilan birgalikda ko‘chat ekdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.