Viloyat hokimining Xitoy safari samarali bo‘ldi
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi delegatsiya yaqinda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdi. Ushbu tashrif Xitoyning turli provinsiyalari va Sirdaryo viloyati o‘rtasida tashqi iqtisodiy, savdo aloqalari, ilm-fan, texnologiyalar, bunyodkorlik, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlik o‘rnatish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi.
Xitoy poytaxti Pekin orqali Sian shahriga yetib kelgan viloyatimiz vakillari shu kunning o‘zida Shensi provinsiyasi rahbariyati bilan uchrashdi va muzokaralar olib bordi. Muzokaralar davomida turli yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Unda ustuvor yo‘nalishlar sifatida “yashil” investitsiya, Shensi provinsiyasi va Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirish belgilab olindi. Bu xususida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Viloyat delegatsiyasi Shensi provinsiyasi Yanlin shahrida o‘tkazilgan “Shensi – Sirdaryo” savdo-iqtisodiy hamkorlik biznes-forumida ham ishtirok etdi. Forumda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasi”ning mazmun-mohiyati, mamlakatimizda, xususan Sirdaryo viloyatida xorijiy investorlarga yaratilgan qulay sharoitlar, kafolatlar, imtiyozlar va preferensiyalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida "G2B” shaklidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, o‘zaro manfaatli takliflar ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni kengaytirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekanligi ta’kidlandi. Yangi imkoniyatlar, sheriklik aloqalarini istiqbolli tashabbuslar va loyihalar bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Forum yakunida Yanlin zamonaviy qishloq xo‘jaligi sohasidagi xalqaro hamkorlik kompaniyasi va Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” sanoat parki o‘rtasida go‘sht va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun investitsiya jalb etish, Guliston davlat universiteti va Yanlin professional texnologiyalar oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv, shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimligi, Xitoyning “Venchjou Szinshen” hamda Yanlin xalqaro hamkorlik sohasidagi transchegaraviy logistika kompaniyalari o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. Shuningdek, kun tartibidan “Yanlin namoyish hududi” qoshidagi texnologik park va zamonaviy issiqxonalar faoliyati, Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda Yanlin professional texnologiyalar universitetlaridagi o‘quv jarayonlari, ilmiy tadqiqot ishlari bilan tanishuv ham o‘rin oldi.
Viloyat vakillari Sian shahrida quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi “Longi” kompaniyasi faoliyatini o‘rgandi. Hamkorlikda Shirin energetika kollejida mutaxassislar tayyorlash va Sirdaryoda muqobil energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha muzokara o‘tkazilib may oyida viloyatda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan quyosh panellari ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishildi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, boshoqli don yetishtirish, un va yog‘ ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Xi'an Aiju Grain and Oil Inductrial Group” kompaniyasi faoliyatiga oid ko‘rgazma bilan ham tanishdi. O‘zaro muloqot davomida kompaniya rahbari Szya Xeyi viloyatimizga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, ozuqa yem ishlab chiqarish va chorvachilik, xususan, echkichilik yo‘nalishida investitsiya kiritish taklifini ilgari surdi. O‘z navbatida viloyat hokimi A.Mahmudaliyev mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlab, bu borada muzokaralarni davom ettirish uchun kompaniya vakillarini Sirdaryoga taklif qildi.
Sirdaryo viloyati delegatsiyasi a’zolari Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safarining so‘ngi kunida Fuszyan provinsiyasi Syamin port shahrida energiya saqlash batareyalari va tizimlarini ishlab chiqarish, shuning bilan birga sotishga ixtisoslashgan “Xiamen Hithium Energy Storage Technology Co.Ltd” kompaniyasida bo‘lib kompaniyaning texnologik imkoniyatlari hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-10807]
Shundan so‘ng, shahar partiya rahbarlaridan iborat rasmiylar bilan muzokara o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlari tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Muzokara chog‘ida, shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida birgalikda ishlashga qat’iy intilishini bildirdilar. Bu xususida ikki tomonlama kelishuv imzolandi. Shu kunning o‘zida viloyat vakillarining kun tartibidan “Sirdaryo – Syamin” biznes-forumi va o‘zaro hamkorlik bo‘yicha tegishli hujjatlarni imzolash marosimi ham o‘rin oldi.
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev viloyatning tabiiy sharoiti, mavjud investitsion salohiyati, hududning drayver sohalari haqida forum ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berdi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, muqobil energiya manbalarini joriy etish va o‘zaro savdo hajmini oshirishdir. O‘z navbatida Xitoy kompaniyalari tomonidan qator aniq tashabbuslar ilgari surildi. Sirdaryoda paxta to‘qimachilik sohasini rivojlantirish, logistika markazini tashkil etish, muqobil energiya manbalarini joriy etish uchun zarur uskunalarni yetkazib berish, yoshlarni IT sohasida ta’lim olishi va malaka oshirishlarini tashkil qilish, sog‘liqni saqlash, xususan, keksa avlod vakillarini davolash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirishda ko‘maklashish shular jumlasidandir.
Biznes-forumi yakunida “Wang da group” qo‘shma korxonasi “Changtai Yuanrun Energy saving Technology Co LTD” kompaniyasi bilan stirolin ishlab chiqarish loyihasi uchun 4 million AQSH dollari, “Longuan Lantian Cement Co LTD” kompaniyasi bilan qop ishlab chiqarish loyihasi uchun 3 million AQSH dollari investitsiya jalb qilish, shuningdek, "Peng-Sheng" qo‘shma korxonasi va "Wenzhoy Jinsheng Trading Co LTD" kompaniya o‘rtasida jelatin ishlab chiqarish, marmar xom ashyosi va boshqa toshlarga ishlov berish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.
Viloyat delegatsiyasi Xitoyga safari davomida Xebey provinsiyasi Baodin shahrida “Sirdaryo – Baodin” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, viloyat hokimligi vakillari, Baodin shahar rahbariyati va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida viloyatda erkin biznes bilan shug‘ullanish, hozirda faoliyat olib borayotgan sanoat zonalarida yaratilgan qulay sharoitlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Safar yakunida Xitoyning “Foshan Jade Import and Export Trading Co LTD” kompaniyasi bilan qiymati 10 million dollar bo‘lgan LDSP, MDF va Akrildan mebel va jihozlar ishlab chiqarishga investitsiyalar kiritish, “Shina Materials Storage and Transportation Group” kompaniyasi bilan umumiy qiymati 12,5 million AQSH dollari bo‘lgan poafzal ishlab chiqarish va 10 million AQSH dollarlik gazlama loyihalariga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri