Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Pop tumani yoshlari bilan uchrashdi.
Tumanning Yangi Chodak hududida o‘tkazilgan uchrashuvda 300 nafarga yaqin yigit-qiz ishtirok etdi.
Ushbu hududda qariyb 7000 gektar yangi yer o‘zlashtirilayotgan bo‘lib, bu aholi, xususan, yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlashda, oila farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Viloyat hokimi taklifi asosida massivdagi yer maydonlarini o‘zlashtirilishi hisobiga bog‘ tashkil etilib, yoshlarga ushbu tayyor bog‘dan 1 gektardan beriladigan bo‘ldi.
Tadbirda “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi 100 nafar yoshga Yangi Chodakda o‘zlashtirilgan, turli navdagi o‘rik ko‘chatlari ekilgan yerdan bir gektardan ajratilishi uchun sertifikatlar topshirildi.
Ushbu hududda o‘zlashtirilayotgan yerlarda bog‘ yaratish tajribasiga ega “Nuran” kompaniyasi asoschisi Nurali Abdullayev yoshlar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi.
[gallery-2099]
Uchrashuvda shuningdek, tikuv mashinasi so‘rab murojaat etgan 7 nafar xotin-qizga viloyat hokimligi tomonidan tikuv mashinalari topshirildi. 15 nafar yigitga haydovchilik guvohnomasini olish uchun bepul o‘qishga yo‘llanma berildi.
–bugungi tadbirda menga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi berildi, - deydi Dilshoda Temirova.
– Tikuvchilik bilan muntazam shug‘ullangan holda oilaviy byudjetga qo‘shimcha daromad olib kirish niyatidaman. Biz, xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan bag‘oyat xursandmiz.
Uchrashuvda viloyat hokimiga murojaat qilgan 134 nafar yoshning taklif va muammolari nazorat rejaga kiritildi va ijobiy hal etish uchun mas’ullarga yo‘naltirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA