Viloyat hokimi sovrini kimga nasib etadi?
Termizda Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” tanlovining viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasidagi bosqichi boʻlib oʻtdi.
Termizda Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” tanlovining viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasidagi bosqichi boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismda Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashib, ularning maʼnaviyatini, jangovar shayligini oshirish hamda hududga xos milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov oʻtgan yili tinchligimiz posbonlari oʻrtasida “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” nomidagi tanlovni tashkil etish gʻoyasini ilgari surdi. Bu taklif viloyatdagi jamoat tashkilotlari va harbiy tuzilmalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, uning nizomi ishlab chiqildi. Tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirish tartiblari belgilab olindi. Ishchi guruhi va sohalar mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati tasdiqlandi.
Oʻtgan yilgi tanlovda faqat mudofaa vazirligining viloyatdagi harbiy qism va harbiy muassasalari xizmatchilari ishtirok etgan boʻlsa, joriy yilda uning nizomi oʻzgartirilib, DXX chegara qoʻshinlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari, viloyat ichki ishlar, bojxona va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari oʻrtasida ham oʻtkaziladigan boʻldi.
Koʻrik-tanlov harbiy tuzilmalar xizmatchilarining kitobxonlik va kitob mutolaasi, ot minish mahorati, baxshichilik va dostonchilik, tasviriy sanʼat, chanqovuzda kuy ijro etish yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi. Unda tadbirning harbiy tuzilmalar va voha bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar viloyat hokimi sovrini uchun oʻzaro bellashadi.
Viloyat IIB shaxsiy tarkibi oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov yakunida leytenant Azizjon Qodirov “Kitobxonlik va kitob mutolaasi”, oddiy askar Toʻlqin Turdiqulov “Ot minish mahorati”, mayor Joʻrabek Xodjaqulov “Baxshichilik va dostonchilik sanʼati” yoʻnalishlarida gʻolib boʻldi. Kapitan Dilafruz Xodjamberdiyeva “Tasviriy sanʼat”, leytenant Elbek Zoirov ”Chanqovuzda kuy ijro etish sanʼati” yoʻnalishlarida faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Gʻoliblar munosib ragʻbatlantirilib, tanlovning harbiy tuzilmalar oʻrtasidagi viloyat bosqichiga yoʻllanma oldi.