Viloyat hokimi “Mahallabay” ishlash tizimini o‘rgandi
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida Andijon tumanidagi “mahallabay” ishlash tizimi tahlil etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi o‘rtasida ish olib borishda “mahallabay” tizimining joriy etilishi odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, bartaraf etish, bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, provardida aholining yashash sharoitlari va turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mazkur tizimni joriy etish bo‘yicha Andijon tumanida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida Andijon tuman hokimi Abdujabbor Egamberdiyev, sektorlar rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda iqtisodiy kompleks xodimlari ishtirok etgan uchrashuvda ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yutuq, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi joriy yil 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz jamiyatimiz hayotida loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekani, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotgani va hozirgi zamonda ma’naviy nuqtai nazardan «uxlab yotish»ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘qligi, barcha fojia va muammolar, Vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanishini bejiz aytmganligini alohida ta’kidladi.
[gallery-1300]
Bu borada ayniqsa, tegishli sohalar mutasaddilari, rahbarlari mas’uliyatni chuqur his etgan holda “mahallabay” tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, natijadorlikka erishish uchun astoydil ish olib borishlari lozimligi aytib o‘tildi.
Andijon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Hoshimov mazkur tizimda olib borilgan ishlarni Mustaqillik mahallasi misolida ko‘rsatib berdi.
Tumanda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar, shuningdek, “Yoshlar kichik sanoat zona”larida tashkil etiladigan loyihalar ko‘rib chiqildi. Xususan, AT Xalq banki, “Agrobank” ning tuman filiallari, “Mikrokreditbank” tuman shoxobchasi rahbarlari banklarda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Uchrashuvda tumanda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanib, mutasadilarga tegishli topshiriqlar berildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA