VIII Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tdi
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan an’anaviy VIII Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tdi.
Sakkizinchi yil ketma-ket tashkil etilgan ushbu nufuzli sport tadbiri mamlakatimizdagi eng yirik ommaviy yugurish bayramlaridan biriga aylandi. Marafon professional sportchilar bilan bir qatorda sog‘lom turmush tarzini qadrlovchi minglab havaskorlarni ham bir nuqtaga jamladi.
Joriy yilda marafonda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 15 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 300 million so‘mni tashkil etdi.
Toshkent xalqaro marafoni World Athletics tomonidan beriladigan “World Athletics Label” maqomiga ega bo‘lib, unda qayd etilgan natijalar xalqaro miqyosda rasman tan olinadi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.
Marafon Humo Arena majmuasidan start olib, poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tdi.
Tadbir doirasida turli yosh va tayyorgarlik darajasidagi qatnashchilar uchun quyidagi masofalar tashkil etildi:
— 42 km (to‘liq marafon)
— 21 km (yarim marafon)
— 10 km va 5 km yugurishlar
— 3 km skandinavcha yurish va ommaviy yugurish
— 2 km inklyuziv yugurish
— bolalar uchun maxsus Kids Run yo‘nalishlari
Marafonning eng asosiy — 42 km 195 metr masofasida kuchli raqobat kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra:
Shohruh Davlatov (O‘zbekiston)
Andrey Petrov (O‘zbekiston)
Vladislav Pryamov (Belarus)
Toshkent xalqaro marafoni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni ommalashtirish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi sport nufuzini mustahkamlash yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W8HZyYVQAoY" title="VIII Toshkent xalqaro marafoni bo`lib o`tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov, Oybek Davronov, Salim Obidjonov, O‘zA