Vengriyalik tadbirkorlar bilan hamkorlik
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida joriy yilning 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Vengriya Prezidenti Katalin Novak o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.
Muloqot davomida davlatlar rahbarlari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Vengriya mamlakatlarining o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 3 barobarga ortganini ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsion hamkorlikni hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldi.
O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumi doirasida ikki mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirlari imzolagan kelishuvlari orasida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “BMB Trade Group” qo‘shma korxonasi hamda Vengriyaning “KITE” kompaniyasi Jizzax viloyatida intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishib olgan. Shuningdek, kelishuvda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 15 million AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya loyihasi ham bor.

Ma’lumot uchun, “KITE” kompaniyasi 1975 yilda tashkil topgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib beruvchi hamda ilg‘or texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchilardan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniyaning 25 ta filiali mavjud, unda 1 ming 700 nafar xodim ishlaydi. bugungi kunda “KITE” Vengriyaning “Top-30” kompaniyalari qatoridan muqim o‘rin egallagan. Kompaniya aktivlari hajmi 1 milliard 500 million AQSH dollariga teng bo‘lib, yillik aylanmasi 955 million dollarni tashkil etadi.
Yaqin kunlarda, Vengriyadan “KITE” kompaniyasi delegatsiyasining erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Jizzax viloyatiga tashrifi kutilmoqda.
“BMB Trade Group” va “KITE” kompaniyalarining qo‘shma investitsion loyihasi O‘zbekiston – Vengriya mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov,O‘zA