Venesuelada maosh oshadi
Venesuela rahbari Delsi Rodriges 1-maydan ish haqi oshirilishini e’lon qilarkan, bu o‘zgarishni “mas’uliyatli qadam” deb atadi. Raqamlar esa ochiqlanmagan. Hukumat aholi daromadini bosqichma-bosqich tiklashni maqsad qilgan. Bu jarayonda asosiy umid neft va konchilik sohasidan keladigan daromadga bog‘lanmoqda.
Hozir ushbu mamlakatda vaziyat ancha og‘ir. Eng kam ish haqi juda past darajada va 2022-yildan beri o‘zgarmay kelyapti. Davlat xodimlari qo‘shimcha to‘lov hisobiga o‘rtacha 150 dollar atrofida oylik oladi. Bu miqdor ham kundalik xarajat uchun yetarli emas.
Rodriges maosh oshirishda inflyatsiyani hisobga olish muhimligini ta’kidladi. Zero, Venesuelada narx tez o‘syapti. Demak, har qanday noto‘g‘ri qaror vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Shu bois hukumat ehtiyotkor siyosat yuritmoqchi. Yetakchining so‘zlariga ko‘ra, iqtisod tiklanishi bilan daromad ham asta-sekin ko‘tariladi.
Darvoqe, rasmiylar AQSH sanksiyasi bekor qilinishi tarafdori. So‘nggi oylarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabat biroz yaxshilangan. Neft va konchilik sohasiga sarmoya jalb qilish imkoniyati ochilyapti. Aynan shu yo‘l bilan iqtisodiy barqarorlikka erishish rejalashtirilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA