Velosportchilar Bo‘stonliqda saralandi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar, ayollar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy V.Iskandarov xotirasiga bag‘ishlangan Respublika turniri o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida turli yosh toifalarida kriterium poygasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Jumladan, erkaklar o‘rtasida 38 km. masofada o‘tkazilgan poygalarda Nikita Svetkov 41 ochko bilan g‘alaba qozondi.
Dmitriy Bocharov esa 27 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Alimardon Jamoliddinov 22 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikni yakunlab berdi. Ushbu masofada yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Kirill Chjan (Qozog‘iston), Ozodbek Shokirov (Toshkent viloyati) va Muhriddin Saparov (Jizzax) shohsupaga ko‘tarildi.
Ayollar va yosh qizlar o‘rtasidagi 31 km. masofada tashkil etilgan kriterium poygasida qozog‘istonlik velopoygachilarga teng keladigani topilmadi.
Aniqrog‘i, Muhabbat Umutjanova ayollar o‘rtasida 50 ochkoga ega chiqqan holda oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar raqobatida Angelina Burenkova 46 ochko bilan musobaqa g‘olibiga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA