Velosipedsiz yasholmaydigan otaxonlar...
Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida velosiped minishni kundalik hayot tarziga aylantirgan otaxonlar bor. Koʻpchilik ularga havas qilishi ham aniq. Chunki ular bir kunda 15-20 kilometr masofada velosipedda sayr qilishni oʻzlariga odat qilishgan.
Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida velosiped minishni kundalik hayot tarziga aylantirgan otaxonlar bor. Koʻpchilik ularga havas qilishi ham aniq. Chunki ular bir kunda 15-20 kilometr masofada velosipedda sayr qilishni oʻzlariga odat qilishgan.Mehnat faxriysi Rahmonali Temirov “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi. 72 yoshli otaxon koʻpincha velosipedda yuradi.
– Oʻn yoshimda dadam velosiped olib bergan, – deydi Rahmonali aka. – Qishloq xoʻjaligida ishlaganim uchun doimo velosipeddan foydalanganman. Kamdan-kam transportda yuraman. Doimo harakatda boʻlgan odam kasal ham boʻlmaydi. Xudoga shukr qilamanki, biror marta shifoxonada yotmadim. Aslida velosiped minish ham sportning bir turi. Uning sogʻlikka foydasi katta.
Sportning salomatlikni mustahkamlashdagi oʻrni katta. Xususan, velosipedda yurishning xosiyati juda koʻp. Mutaxassislarning fikricha, velosiped haydaganda deyarli barcha aʼzolar harakatda boʻladi. Tabiiyki, oʻpkamiz chuqur-chuqur nafas olishi orqali barcha toʻqimalarimiz kislorod bilan yaxshi taʼminlanadi. Velosiped haydash qabziyatga chek qoʻyadi. Bundan tashqari, buyrak va qovuqdagi qumlar siljiy boshlaydi. Ayniqsa oyoqlarimizning tinimsiz harakati jigarni xuddi nasosga oʻxshab tinmay ishlashga undaydi, natijada oʻt pufagida tosh toʻplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yoshlikda velosiped minib yurgan odam bel ogʻrigʻidan mutlaqo qiynalmaydi. Qariganda hassaga ishi tushmaydi, qon aylanishi yaxshilanadi.
Otaxon keyingi paytda velosipeddan foydalanuvchilar koʻpayib borayotganidan xursand. Oʻzi ham bu transportning atrof-muhitga hech qanday zarari yoʻqligi, aksincha, inson salomatligiga foydasini targʻib qilishdan charchamaydi. Qoʻshtepa tumanida Rahmonali aka singari velosipedda sayr qilishni yaxshi koʻradigan faxriylar koʻplab topiladi. Hozirgi kunda ularning soni 300 nafardan oshib ketdi. Sogʻlom va tetik hamda baquvvat bu yoshi ulugʻ insonlar velosport boʻyicha oʻtkaziladigan har bir musobaqada, sogʻlomlashtirish marafonlarida doimo faol qatnashadi.
Eʼtiborli jihati, tumanda yashovchi velohavaskorlar yurtimizning turli hududlariga sayohatlarni ham tashkil etib kelishyapti. Oʻtgan davrda 20 dan ortiq faxriylar velosipedda Shohimardonga, Namangan viloyati Pop tumanining Chodak qishlogʻiga sayr qildi.
Bugungi kunda viloyatda bunday insonlar soni tobora koʻpayib boryapti. Toshloqlik muhandis 72 yoshli Ismoiljon Malaboyev velosipedda Toshloqdan Moskva-Fargʻona shahrigacha boʻlgan masofani 24 kunda bosib oʻtgan boʻlsa, margʻilonlik 74 yoshli Maʼrufjon Akramov velosipedda Fransiyaning Parij shahrini zabt etgan.
Ha, velosiped – ekologik jihatdan eng toza transport turi boʻlib, u atrof-muhitni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash va sportni ommalashtirishga xizmat qiladi.