Veloklublar faoliyati o‘rganildi
Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati sport federatsiya hamda assotsiatsiyalarining “Los-Anjeles - 2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik taqdimoti bilan tanishmoqda. Navbatdagi tadbirda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasining rejalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joiz, ushbu sport Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p litsenziya va medallar jamlanmasi o‘ynaladigan yo‘nalishlardan hisoblanadi. Biroq, so‘nggi Olimpiadalarda velosportchilarimiz kam sonli yo‘llanmalar bilan cheklanmoqda va yuqori natijalarga erisha olmayapti.

Suhbat davomida ushbu jihatlar tanqid ostiga olinib, kelgusida terma jamoamiz yo‘llanmalar bilan cheklanib qolmay, sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi lozimligi bildirildi.
Federatsiya mas’ullari ayni shu maqsadda terma jamoalarga uch nafar xorijiy murabbiy jalb etilgani, ular reja asosida nafaqat kattalar, balki yoshlar jamoasi bilan ham ishlab borishi ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

Mutasaddilar tashrif davomida federatsiyaning moddiy-texnik bazasini ham ko‘zdan kechirdi. O‘rganish ishlari davomida klublar faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning nufuzli xalqaro musobaqalardagi ishtirokini ta’minlash kabi mavzularga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA