Vazir terim jarayonlari bilan tanishdi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyatiga amaliy tashrif buyurib, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Xidirov hamrohligida paxta terimi jarayonlari bilan tanishdi.
Vazir Sardoba va Oqoltin tumanlarida bo‘lib, dalalarda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar samarasini ko‘zdan kechirdi.

Sardobadagi “Indorama Agro” MCHJ 12 ming gektardan ziyod yer maydonida faoliyat yuritmoqda. Shuning yarmidan ko‘prog‘iga paxta, qolgan qismiga g‘alla ekilgan. Bu yerda 6 turdagi paxta navi tajriba tariqasida parvarishlanib, har yili yangilanib boradi. Klaster ishlab chiqarish bo‘limi menejeri Netin Sanjikumarning ta’kidlashicha, hozirda 68 ta “John Deere” texnikasi ishga jalb etilgan. Mexanizatsiya darajasi yuqoriligi sababli bir kunda 150 tonnagacha paxta yig‘ib olish imkoniyati mavjud. Har biri 2 tonnadan iborat o‘ramlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul maskanlariga yetkazilmoqda.

Dalalardagi tartib, hosilning sifatli va toza bo‘lishi agrotexnik tadbirlarning puxta tashkil etilganidan dalolat beradi. Desikatsiya va defoliatsiya ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilgani bois hosilda yo‘qotishlar yo‘q. Shu jihatdan “Toza daladan — toza paxta” shiori bu yerda hayotiy haqiqatga aylangan.

Klasterning yana bir muhim yo‘nalishi — suv resurslaridan tejamkor foydalanishdir. Avstraliya tajribasi asosida joriy etilgan nishab usuli va lazer bilan tekislangan maydonlar orqali suv bir maromda yetkazib berildi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimi orqali o‘g‘it ham bevosita g‘o‘za ildiziga uzatildi. Bu esa hosildorlikning sezilarli oshishiga zamin yaratdi.

Oqoltin tumanidagi “Bobur qishloq xo‘jaligi” klasteri ham vazir diqqat markazida bo‘ldi. 7 ming gektar yer maydoniga ega ushbu xo‘jalikda xorijdan keltirilgan paxta navi 20 gektarda 76x10 sxema asosida ekilgandi. Shu bilan birga, mahalliy “Sulton” navi uchun maxsus himoya maydonlari tashkil etildi. Ekinlar qo‘shqator usulida plyonka ostiga joylashtirilib, sug‘orish va oziqlantirish ishlari metodik qo‘llanmalar asosida amalga oshirildi. Natijada har gektardan 50–55 sentner hosil olinishi kutilmoqda.
“Bobur qishloq xo‘jaligi” klasteri rahbari Shavkat Muqimov ta’kidlaganidek, vazir tashrifi joylarda paxtakorlarga yangi kuch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
– Hozirgi sharoitda paxtachilikda mexanizatsiya, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yangi navlar sinovi va agrotexnologiyalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Tashrif jarayonida shu yo‘nalishlardagi natijalar tahlil qilindi, qator vazifalar belgilandi. Bu esa hosildorlikni oshirish, dehqonlar daromadini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, — dedi klaster rahbari.
I. Abdurahmonov klasterlarda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. U kelgusi mavsumlarda bunday tajribalarni yanada kengaytirish, yig‘im-terim jarayonlarida esa mas’uliyat va e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, o‘simliklarni oziqlantirish va hosildorlikni yanada oshirish yuzasidan qator tavsiyalar berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA