Vazir Samarqanddagi IT Park rezidentlari faoliyati bilan tanishdi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududdagi raqamlashtirish jarayonlari, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda eksportga yo‘naltirilgan IT xizmatlar faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida vazir dastlab IT Park rezidenti – “Smart Library” MCHJ faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Mazkur markaz ta’lim va texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarga xorijiy tillar va zamonaviy IT ko‘nikmalarini o‘rgatib kelmoqda. “Innovative Centre” negizida tashkil etilgan ushbu maskanda yoshlar amaliyotga yo‘naltirilgan bilimlar olib, o‘z startap g‘oyalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Muloqot chog‘ida yoshlarning IT sohasiga qiziqishi, innovatsion g‘oyalari va tashabbuslari muhokama qilindi. Markaz bitiruvchilaridan biri xalqaro sertifikatlarga ega Azizbek Eshimov sun’iy intellekt yo‘nalishida bir nechta startap loyihalarni amalga oshirgani uchun IT Park ning yoshlar orasidagi elchisi (Ambassador) etib tayinlangani qayd etildi.
Shuningdek, vazir IT Park rezidenti – “Fleet fly” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Korxona masofaviy xizmatlar eksportiga ixtisoslashgan bo‘lib, AQSHdagi logistika kompaniyalari uchun dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Xususan, kompaniya yuk tashish jarayonlarini samarali boshqarish, marshrutlarni optimallashtirish hamda haydovchilar va mijozlar o‘rtasida uzluksiz aloqa o‘rnatishni ta’minlamoqda. 25 nafar mutaxassis faoliyat yuritayotgan korxonada zamonaviy dasturiy yechimlar orqali yuklarni real vaqt rejimida nazorat qilish, logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish va tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratilgan.
Tashrif davomida eksportga yo‘naltirilgan bunday xizmatlar mahalliy mutaxassislarga xalqaro bozorda faol ishtirok etish imkonini berayotgani ta’kidlandi. Bu esa mamlakatda IT xizmatlari eksportining izchil o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

Nigora Rahmonova, O‘zA