Vazir o‘z axborot tizimini tanqid qildi
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov vazirlik markaziy apparati barcha xodimlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda vazirlik faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar jamoa ishtirokida batafsil muhokama qilindi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
– Vazirlikdagi dastlabki uch kunlik faoliyatim, umumiy vaziyatni qisqa muddatdagi o‘rganishimdan kelib chiqib, dastlabki xulosamni aytadigan bo‘lsam, afsuski, taassurotlar kishini xursand qilmaydi, – dedi vazir. – Jamoada erkin va ijodiy muhit yo‘qday, xodimlar horg‘in va tashabbus ko‘rsatmaydi. Sababi, ish tartibi to‘g‘ri tashkil etilmagan. Nazarimda, inson resurslari noto‘g‘ri tasarruf qilinmoqda. Xodimlar ishda ko‘p vaqt qolib ketishi natijasida jismonan va ruhan charchagan ko‘rinadi. Oilasi, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratishga ulgurmasa kerak. Xodimlarga, avvalo, ish joyida erkin ishlash, ijodiy fikrlash, qolaversa, dam olish uchun qulay sharoit yaratib berish va undan keyin ish unumdorligini talab qilish mumkin.
Yig‘ilishda vazir ayrim tuzilmalar faoliyatiga ham to‘xtalib, ularning qoniqarsiz faoliyat yuritayotgani, bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etdi. Bundan buyon har bir boshqarma va bo‘lim faoliyati natijadorligi monitoring qilinishi, samarali faoliyat yuritgan mutaxassislar munosib taqdirlanishi, aksincha, o‘z funksional vazifalarini bajarmaydigan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi aytildi. Jumladan, vazirlik axborot xizmati faoliyati ham tanqid qilindi.
– Axborot xizmati vazirlikning yuzi bo‘lishi kerak. bugungi axborot asrida tezkor va professional yondashuv talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid tanqidiy materiallar e’lon qilinib, jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan bir vaqtda, axborot xizmati tomoshabin bo‘lib turishini qanday izohlash mumkin? Sohaga oid jamoatchilikni qiziqtirgan mavzularda tezkor axborot berish, OAV bilan doimiy ijodiy hamkorlik qilish va tanqidiy-tahliliy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirish orqaligina aholining ishonchini qozonish mumkin. Bugundan boshlab jamoa yangicha ish tartibiga o‘tsak: qog‘ozbozlikni imkon qadar kamaytirish, ortiqcha majlisbozlikka chek qo‘yish va o‘z ishimizga mehr bilan munosabatda bo‘lib, undan zavqlanib ishlaylik. Agar har birimiz zimmamizdagi vazifalarga mas’uliyat bilan yondashib, bir tanu bir jon bo‘lib, hamjihatlikda ishlasak, ishimizda, albatta, unum bo‘ladi. Shunda xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlaymiz va soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajaramiz, – dedi Abduqodir Toshqulov.
Vazirning aytishicha, oliy ta’lim muassasasida mavjud muammoni kimga aytishini bilmay yurgan rahbarlarning dardini, birinchi navbatda, vazirlik tinglashi va uni hal qilib berish choralarini ko‘rishi kerak. Oldin tizimdagi rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun yetarli shart-sharoit yaratish, undan keyingina ular oldiga vazifalar qo‘yish to‘g‘ri qaror bo‘ladi, degan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.
O‘zA