Vazir o‘rinbosari urgutliklarning tibbiyot bilan bog‘liq murojaatlarini tingladi
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov hamda soha mas’ullari Urgut tumanining Bahrin mahallasidagi 21-oilaviy poliklinikada aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq muammolar, salomatliklarini tiklashdagi ba’zi kamchiliklar xususida mas’ullarga murojaat qilib, ijobiy yechim so‘radi.
Xususan, tumanning Omonqo‘ton mahallasi faoli Qahhor Jabborov mahalladagi 4500 nafar aholi uchun bugungi kun talabiga mos oilaviy shifo maskani zarurligini bildirdi.
– Mahallamiz oldin Qoratepa mahallasi tarkibida edi, - deydi Qahhor Jabborov. – Aholi soni oshib alohida mahalla bo‘ldik. Ammo, haligacha mahallamiz uchun oilaviy shifokorlik punkti qurilmagan. Ayni paytda konteyner tibbiyot maskani o‘rnatilib, xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Biroq, 4500 aholiga bitta konteyner kichiklik qilmoqda. Shuning uchun sayyor qabulda vazirlik mas’ullariga murojaat qildim. Ular ushbu masalani tuman hokimligi bilan jiddiy o‘rganib, tez orada ijobiy hal etilishini bildirishdi.
Sayyor qabul davomida 70 nafardan ortiq fuqaro tibbiy xizmat sifatini oshirish, zarur tibbiy muolajalar olish, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mas’ullarga yuzlandi.
– O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham ikkinchi guruh nogironimiz, ikki tomonlama koksarterozning IV darajasidan qiynalmoqdamiz, – deydi Ispanza mahallasida yashovchi Odil Eshonqulov. – Ijtimoiy himoya reyestriga kiritishdagi tushunmovchiliklar sabab imtiyozli jarrohlik amaliyotini amalga oshirish bo‘yicha qilgan murojaatlarimiz ikki yildan beri qaytarilmoqda. Bugungi sayyor qabulni eshitib, najot izlab keldik. Mas’ullarga uchrashdik. Tuman hokimligi mas’ullari bilan shu yerning o‘zida muammoni hal etish bo‘yicha fikrlashildi. Umid qilyapmiz, sayyor qabul orqali dardimizga shifo topishga.
[gallery-30243]
Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullarining sayyor qabuli doirasida viloyatdagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalarning malakali mutaxassislari tomonidan aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik davomida 300 nafardan ortiq aholi malakali mutaxassislar qabulida bo‘lib, salomatliklarini mustahkamlash, aniqlangan xastaliklarni davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar oldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA