Vatanparvarlik — milliy yuksalish kafolati!
Vatan asl vatanparvarlar koʻksida jon qadar eʼzoz va himoya topadi.
Dunyoda sharafli vazifalar juda koʻp, ammo ular ichida kindik qoning tomgan Vataningni himoya qilish sharaflilar ichra sharaflisidir. Negaki, Vatan – bu insonga ato etilgan eng qutlugʻ neʼmat, ajdodlarimiz uygʻoq, ruhi kezib yurgan tabarruk goʻsha, ularning nafasi ufurib turgan muqaddas tuproqdir!
Vatan asl vatanparvarlar koʻksida jon qadar eʼzoz va himoya topadi.
Jaloliddin Manguberdi shijoati, Amir Temur jasorati... Bular koʻksida Vatan degan quyoshni koʻtarib yashagan ulugʻ ajdodlarimiz. Shu bois ular qalblarimiz toʻrida. Vatan tarixini nima bezab turadi, deb soʻrasalar, men hech ikkilanmay shijoatu jasorat, maʼrifatu adolat, sadoqatu himoyat, degan boʻlar edim.
Bugun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining talaba-yoshlari oʻrtasida “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari musobaqasi tashkil etildi.

Unda universitetning barcha fakultetlaridan kunduzgi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida tahsil oluvchi 1-2-kurs talabalaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etishdi.
Musobaqa Nizomiga koʻra jamoalar:
– Jamoalarning safda qoʻshiq aytib yurish tayyorgarligi;
– Jamoa nomi, vimpeli va jamoaning ramziy logotipi koʻrigi;
– Ijtimoiy-siyosiy, huquqiy tayyorgarligi;
– AKM avtomatini qismlarga ajratish;
– AKM avtomatini yigʻish;
– Harbiy sport estafetasi;
– Turnikda tortilish kabi shartlarni bajarishi belgilandi.
OʻzMU fakultetlarining “Qalqon 1”, “Iftixor”, “Qalqon 2”, “Sarbozlar”, “Olimpiya”, “Temur avangardlari”, “Vatanimiz yigitlari”, “Olmos qalqon”,
“Onlayn jurnalist”, “Qalqon 3”, “Buyuk Jaloliddin vorislari” jamoalari yuqoridagi shartlar boʻyicha munosib bellashishdi.

Har bir shartni Oʻzbekiston Milliy universiteti Harbiy kafedrasining malakali ofitserlari sinchkovlik bilan baholab borishdi.
Talaba-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari musobaqasining yakuni boʻyicha Matematika fakultetining “Buyuk Jaloliddin vorislari” jamoasi 83 ball bilan mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, Taekvando va sport faoliyati fakultetining “Olimpiya” hamda Tarix fakultetining “Temur avangardlari” jamoalari ham gʻolib jamoadan 3 ball farqi bilan munosib ishtirokini koʻrsata olishdi.

Dono xalqimizning “Bilagi zoʻr birni yengadi, bilimi zoʻr-mingni” degan maqoli bejiz aytilmagan. Vatanparvarlik faqat harbiy xizmatchida emas, balki xar bir yurtdoshimiz yuragida xoh u xorijda boʻlsin, xoh qiyin sharoitda boʻlsin, Vatan neligini his etmogʻi, u uchun jonini fido aylamogʻi darkor. Ana shu aslida vatanparvarlik. Yoshlarimizning keng dunyoqarashi, dunyoda kechayotgan jarayonlarga munosabati, bilimi va zehni borasida ham imkoniyatlari sinovdan oʻtkazildi.
Universitetimizning har bir fakultetlaridan bellashuvida ishtirok etgan jamoalarni “14-yanvar Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan chin qalbimizdan tabriklab, ularga faqat omadlar tilab qolamiz!
Shuni unutmang! Har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar qalbida “bu dunyoning jannati”, deya sharaflangan Oʻzbekistonni himoyasiga aqli, kuchi bilan shay tursa, tashqi va ichki tahdidlar ojiz nuqtaga aylanishi shubhasiz.

Kamoliddin Mirzaahmedov,
OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori