Vatanparvarlik bolalikdan tarbiyalanadi
Vatan – har bir qarich yeri aziz, jonajon maskan. Yurtning asl o‘g‘lonlari – Vatan himoyachilarining o‘z oromlaridan kechib, ana shu qutlug‘ maskan sarhadlarini sergaklik bilan himoya qilayotganligi tufayli bugun hayotimiz tinch, osmonimiz musaffo, ko‘ngillar xotirjam. Shu boisdan ham 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini mamlakatimizda har yili bayram sifatida nishonlash an’anaga aylangan.
Yurtimizda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining yigirma to‘qqiz yilligi va Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda. Farzandlarimizni shu yurt, ona Vatanga sadoqat ruhida voyaga yetkazish maqsadida ta’lim muassasalarida ham madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Istiqlol yulduzchasi” nomli 399-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya vakillari ishtirok etdi.
– Farzandlarimiz bolaligida ko‘p narsani o‘rganadi va qalban his etadi, – deydi Gulparshin Uzakbergenova. – Shu bois ham maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayoni oilada hamda ta’lim muassasasida muhim ahamiyatga ega. Bu kabi tadbirlar bola ongida yurtga muhabbat tuyg‘usini shakllantiradi. Zero, Vatan muqaddasligi bolalikdan his etilishi kerak.
Bolajonlar qalbida ona Vatanni sevish va qadrlash, uning himoyasiga hamisha tayyor bo‘lish kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash asosiy maqsaddir. Tadbirda tarbiyalanuvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Milliy gvardiya vakillarining ko‘rgazmali chiqishlari bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zA