Vatanparvar yoshlar — kelajak bunyodkori
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda barcha tarmoq kasaba uyushmalarining 35 yoshgacha bo‘lgan yosh a’zolari qatnashdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, kasaba uyushmalari faoliyatida yoshlar ishtirokini yanada jonlantirish, bu borada ularning taklif va istaklarini amalga oshirish, yoshlar orasidan faol liderlarni saylashdan iborat.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kasaba uyushmalari faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida 2017 yilda Yoshlar birlashmasi tashkil etilgan edi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yoshlarga oid siyosati 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan kasaba uyushma a’zolarini qamrab oladi.
– Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari tizimidagi 2 ming 166 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotida 326 ming 5 nafar kasaba uyushma a’zolari birlashgan, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati Kengashi madaniy va ma’rifiy, sport ishlari bo‘limi mutaxassisi Abera Imomova. – Shulardan 122 ming 236 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida viloyat Kengashi Yoshlar birlashmasi tomonidan bir qator vazifalar va tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
[gallery-5869]
Yoshlarning tanlagan kasb va ixtisosliklarini chuqur o‘rganishga qiziqishini kuchaytirish, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida har yili “Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi”, “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovlari o‘tkazilmoqda.
“Mening kelajakdagi ish joyim” aksiyasi doirasida yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilish, kelajakda munosib ish joyini topishga ko‘maklashish maqsadida, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarining G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasidagi yirik korxonalarga sayohatlari uyushtirildi.
Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovining “Mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis” nominatsiyasida yoshlar faol qatnashgan.
“Besh tashabbus – besh imkoniyat” loyihasi doirasida yoshlarning respublika bo‘ylab sayohatlari tashkil etilgan.
Har yili bir nafar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli talaba “Kasaba uyushmalari stipendiyasi” bilan bir nafar tizimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yosh xodim, bolalikdan nogiron bo‘lgan yoki chin yetim, ijtimoiy muhofazaga muhtoj faol yoshlar kasaba uyushmalarining sanatoriylarida bepul sog‘lomlashtirilmoqda.
Tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Yakunda kasaba uyushmalari yoshlari liderlari saylab olindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA