«Vatanparvar» – haydovchilikka o‘qitadigan maktab emas
O‘zbekiston yoshlarining ilk bor o‘tkazilgan forumida Prezidentimiz tomonidan «Vatanparvar» tashkiloti faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
«Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev bilan tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalar va ularning ijrosi haqida suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlari forumidagi nutqi va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, «vatanparvarchi»lar joriy yilda qanday ishlarni reja qilmoqda?
– O‘qituvchi, quruvchi, harbiy xizmatchi, barcha kasblar qanchalar sharafli bo‘lsa, “vatanparvarchi” bo‘lish ham biz uchun shu qadar ardoqli. «Vatanparvar» tashkilotining faoliyati, asosan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash esa vatanparvarlikning oliy namunasidir.
Prezidentimiz yoshlar forumida ta’kidlaganlaridek, bir paytlar «Vatanparvar» tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur bo‘ladigan musobaqa va sport o‘yinlarini tashkil etib, ularni texnik kasblarga o‘rgatardi. Shu sababli yigit-qizlarimiz o‘rtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda faoliyatimiz susayib ketdi.
Davlatimiz rahbarining tashkilotimiz faoliyatiga doir mulohazalari har bir “vatanparvarchi”ning qo‘liga ko‘zgu tutqazdi. Haqiqatan ham, avvallari «DOSAAF» juda taniqli bo‘lib, uning nomi tilga olinsa, gap qaysi tashkilot haqida borayotganini hamma bilardi. Bugun esa «Vatanparvar» tashkiloti xalq ichiga, yoshlar orasiga to‘liq kirib bordi, deb aytolmaymiz. Ko‘pchilik tashkilotimizni haydovchilikka o‘qitadigan maskan sifatida taniydi. Holbuki, ushbu tashkilotning ishi keng qamrovli.
– Bu qanday qamrov? Ana shu haqida so‘zlab bersangiz.
– Ochig‘i, tashkilotning avvalgi nufuzini tiklash borasidagi vazifa kuchimizga kuch qo‘shmoqda. Shu ishonch bilan harakat qilar ekanmiz, avvalgi mavqedan ham yuqoriroq darajani egallashga umid bildiraman. Negaki, ayni kunlarda «Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufida 12 ta o‘quv sport texnika klubi hamda viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi bo‘lib, ular yoshlar va fuqarolarni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga mas’uliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini singdirish, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirilishi va ommalashtirish, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga ko‘maklashish, bolalar, o‘smirlar va chaqiruvgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va o‘tkazish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.
Garchi bu yo‘nalishlar doirasidagi faoliyatimiz ham o‘ziga yarasha qamrovga ega bo‘lsa-da, biz bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Endigi vazifa – tashkilot faoliyatini yanada kengaytirish va yangilashdan iborat.
– Yangilanish va o‘zgarishlar uchun moddiy-texnik asoslar yetarlimi?
– Mavjud imkoniyatlarning o‘zi bilan ham ko‘p ishlarni amalga oshirish mumkin. Tashkilotimiz tasarrufidagi o‘quv sport texnika klublari hamda viloyat texnik va amaliy sport turlari markazida «A», «V», «VS» toifali avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va «S», «D», «Ye», «VE», «SE» toifalar bo‘yicha qayta tayyorlash ishlari sifatli tashkillashtirilgan bo‘lib, 2020 yilda 16 ming 425 nafar haydovchilikka nomzodni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari amalga oshirildi.
Tizimdagi barcha o‘quv va sport tashkilotlari barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Namangan shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasasi va umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun 3,5x5,5 hajmdagi ko‘chma elektrlashtirilgan aholi yashaydigan hudud maketi tashkil qilindi. Yangiqo‘rg‘on tuman o‘quv sport texnika klubi tomonidan umumta’lim maktabida YHQ bo‘yicha sinf xonasi, Pop tumani o‘quv sport texnika klubi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasasida «Piyodalar shaharchasi» ishga tushirildi.
Shuningdek, viloyat kengashi tasarrufidagi o‘quv va sport tashkilotlari avtomobil parkida zamonaviy yengil va yuk avtomobillari yetarli bo‘lib, ulardan o‘quv avtomobili sifatida foydalanilmoqda.
Tashkilotlarning avtomobil saroyi doimiy ravishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillar bilan boyitilmoqda. 2020 yilda viloyat kengashi tasarrufidagi o‘quv va sport tashkilotlari avtomobil parkini zamonaviy avtomobillar bilan ta’minlash maqsadida 42 ta yengil va yuk avtomobili xarid qilinib, o‘quv avtomobili sifatida jihozlandi. Ko‘rinib turibdiki, tashkilotimizdagi moddiy-texnik asoslar salmoqli darajada. Biroq yuqorida eslatganimdek, biz qo‘l qovushtirib o‘tirmoqchi emasmiz. Izlanamiz va yana yangi manbalarni topamiz. Bu – taraqqiyot talabi.
– Yoshlarni sportning texnik va amaliy turlariga ko‘proq jalb etish, bu borada ommaviylikni ta’minlash bo‘yicha ortda qolgan yilda qanday tadbirlar o‘tkazildi?
– Pandemiya bo‘lishiga qaramay 2020 yilda bir qancha ommaviy tadbirlarni o‘tkazdik. Ayniqsa, yil oxiri biz uchun g‘oyat qizg‘in o‘tdi. Jumladan, «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi va uning tasarrufidagi tashkilotlarda yozgi olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan «Havo miltig‘idan o‘q otish», «Triatlon», «Yozgi biatlon», «Duatlon», «Modelsozlik», «Raketamodel», «Aviamodel», «Erkin uchuvchi aviamodel», «Kord aviamodel», «Radiosport», «Karting», «Avtosport», «Avtoralli», «Avtomobil xalqa poygasi», «Motosport», «Harbiy amaliy ko‘pkurash» turlari bo‘yicha to‘garak va seksiyalar faoliyat yuritib kelmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida 2020 yildan boshlab «Vatanparvar» tashkilotining texnik va amaliy sport turlari tarkibiga kiruvchi avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli o‘tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish vazifasi belgilib berildi. Farmon ijrosi doirasida viloyat sportchilarini Respublika va xalqaro sport musobaqalarida faol ishtirokini ta’minlash va yetakchi sportchilar bilan tajriba almashish maqsadida «Vatanparvar» tashkiloti Uchqo‘rg‘on tumani o‘quv sport texnika klubi tomonidan xalqaro standart talablariga javob beradigan umumiy uzunligi 1050 metr bo‘lgan uch yo‘nalishli yangi zamonaviy «Kartodrom» qayta barpo etildi. Ushbu kartodromda viloyat, Respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarini sifatli va tizimli o‘tkazish yuzasidan Toshkent shahridan «Vatanparvar» tashkiloti Respublika texnik va amaliy sport turlari markazining yetakchi mutaxassislari taklif etilib, karting trassasi loyihasi tayyorlandi.
O‘tgan yilning 5-8 noyabr kunlari ushbu kartodromda «Karting poygasi» bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va birinchiligi o‘tkazildi. Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 150 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Hozirgi kunda tuman va shahar o‘quv sport texnika klublari qoshidagi 59 ta seksiyada 31 nafar trener ming nafarga yaqin yosh o‘g‘il-qizlarga sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha saboq bermoqda. 26 marotaba klub, 55 marotaba tuman va shahar, 18 marotaba iiloyat, 5 marotaba Respublika musobaqalari o‘tkazildi.
Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.