Vatannni sevmoqlik imtihondir bu!
VATANGA MUHABBAT IZHORI
VATANGA MUHABBAT IZHORI
Hazorispand bo‘lsam sahrolaringda,
Feruza tosh bo‘lsam daryolaringda,
Hayit oyi bo‘lsam samolaringda,
Mehru vafo — ko‘rar dunyolaringda,
Seni yomon ko‘zdan asramoq uchun!
Ostonangda yotgan iting bo‘loyin,
Naslingni pok tutgan suting bo‘loyin,
Ko‘zingdagi hurlik o‘ting bo‘loyin,
Baland tog‘larda burguting bo‘loyin,
Seni g‘anim ko‘zdan asramoq uchun!
So‘zim bor — savashda qilich bo‘loli,
Shahdim bor — quvvati birinch bo‘loli,
Yaxshi-yomoningda ilinj bo‘loli,
Ipak jonim metindan sinch bo‘loli,
Seni ofat ko‘zdan asramoq uchun!
Faqat sen ko‘zimga boqib tur, Vatan,
Onamday yelkamga qoqib tur, Vatan,
Qalbimda daryoday oqib tur, Vatan,
Boshimda Xumoday balqib tur, Vatan,
Meni gumon so‘zdan asramoq uchun!
Seni yomon ko‘zdan asramoq uchun!
MUSTAQIL VATANNI BAXT NURI ChAYSIN
Sumbula suviday tiniq bir Ayol
Dunyoni asraydi balo-qazodan.
Yurtning ro‘zg‘orida sen baraka, bol,
Qaldirg‘och niyatli, umri ozodam!
Yerni uyqu devi aldab, muzlatar,
Jonini ilitgay Qavs yaxobi.
Qarri, soqov yerni qayta so‘zlatar
Dehqon yuragining mayin oftobi.
Oyog‘ingda tilla kavushchalarmas,
Kirza etik ko‘rdim cho‘yanday og‘ir.
Sumbul sochlaringga shivirlab ming sas
Har yil oshiq bo‘lar ko‘klamgi yomg‘ir.
Har yil shonalagan g‘o‘za boshiga
Egilding, unutib polaponingni.
Men ko‘rdim: balxi tut bolang qoshida
Og‘ziga dur tutgan saratoningni.
Sendan rozi ketar shu ko‘hna ketmon,
Boshingdan ter quyar, chopiq qilarsan.
Erkaklar qocharlar shiyponni chog‘lab,
Nozigim, sen qachon hordiq bilarsan?
Ro‘zg‘or — g‘or deydilar. Shu tubsiz g‘orda
Ravshan bir chiroqday yurasan, bekam!
Shu g‘orni butlagil deb biru borda
Joningni qirq bitta yaratmish egam...
Tunlar bez-bez og‘rir, oh, barmoqlaring,
Dutor pardasida uyg‘onur nola.
Allaga shaylansa gul dudoqlaring,
Mustaqil Vataning yetar kamola.
O‘g‘ling elga ega bo‘lib ulg‘aysin,
Qizlaring malika bo‘lib ulg‘aysin.
Shohu gadoga ham oq sut bergan zot,
Mustaqil Vatanni baxt nuri chaysin.
Boringga baraka bersin iloyim,
Suyanch tog‘laringning xayrini bersin.
Ayolmand Vatanim, jo‘jabir jonim,
Mehnating rohati, moyini bersin!
Endi uying to‘ri o‘zniki bo‘lg‘ay,
Noning butun bo‘lg‘ay, o‘zliging bo‘lg‘ay!
Endi og‘zingdagin oldirma, xalqim,
Mustaqillik yorug‘ yuzliging bo‘lg‘ay!
OSTONANGNI O‘PIB O‘T
Vatan nadir - bir burda
Totingan halol noning.
Asli - azal taqdirda
Panoh bo‘lgan osmoning.
Vatan nima - poyingni
O‘pgan maysa - gilamlar.
Kunlaringni, oyingni
Bog‘ aylagan ko‘klamlar.
Vatan asli sen bilan
Bir tug‘ishgan ostonang.
Ilk bor eshitgan allang,
So‘ng bor kuzatgan onang.
Har kun shu ostonaga
Bir egilib, o‘pib o‘t.
Mehringni, ixlosingni
Isiriqday sepib o‘t.
Tog‘lar qovurg‘asida
Tunagan bahor - Vatan.
Zirva dubulg‘asida
Qanot yoygan sor - Vatan!
Yurakning dov quvvati,
Ko‘ngilning ko‘zi - Vatan.
Elu yurtning kelbati,
So‘zlarning tuzi - Vatan.
Vatan - pokiza noming,
Martabang, shon - dovrug‘ing.
Vatan - nomus, imoning,
Vatan asli bor yo‘g‘ing.
Til ostida gavhartosh
Asrab yurganing - Vatan!
Yo‘qotsang hech topilmas
Asl ma’daning - Vatan!..
Oydin Hojieva,
O‘zbekiston xalq shoiri